Tabiatga tajovuz qimmatga tushdi
Tabiat ne’matlari insoniyat uchun bebaho boylik hisoblanadi. Daryolar, ko‘llar va suv havzalaridagi biologik xilma-xillikni asrash, baliq zaxiralarini muhofaza qilish hamda ekologik muvozanatni saqlash bugungi kunda davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Shu bois mamlakatimizda tabiat boyliklaridan noqonuniy foydalanishga qarshi qat’iy kurash olib borilmoqda. Qonun talablarini mensimaslik esa og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi muqarrar.
Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Qorovulbozor tumani hududida joylashgan “Hadicha” tabiiy ko‘lida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat reydi davomida ana shunday qonunbuzilish holati fosh etildi.
Reyd jarayonida fuqarolar J.R., B.R. va I.U. tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz, qonunchilikda taqiqlangan baliq ovlash to‘rlaridan foydalanib, noqonuniy ravishda baliq ovlanayotgani aniqlandi.
Tekshiruv davomida ular tomonidan 47 dona zog‘ora (sazan) va 71 dona Orol chovog‘i, jami 118 dona baliq noqonuniy ravishda ovlangani ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu qonunbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 126 million 72 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Tezkor tadbir davomida huquqbuzarlikda foydalanilgan rezina qayiq, taqiqlangan baliq ovlash to‘rlari va boshqa ovchilik anjomlari, shuningdek ovlangan baliqlar belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Holatning og‘irligi va yetkazilgan zarar miqdori inobatga olinib, mazkur voqea yuzasidan aybdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu esa tabiat boyliklarini talon-toroj qilishga qaratilgan har qanday harakat qonun doirasida qat’iy baholanishini yana bir bor isbotladi.

Bugun bir nechta baliqni noqonuniy ovlash oddiy huquqbuzarlik emas, balki butun ekotizimga zarar yetkazuvchi jiddiy jinoyat sifatida baholanmoqda. Chunki har bir baliq suv havzalarining tabiiy muvozanati, biologik zanjir va kelajak avlod uchun saqlanishi lozim bo‘lgan tabiiy boylikning ajralmas qismi hisoblanadi.
Tabiatga qilingan har qanday tajovuz jazosiz qolmaydi. Yurtimizda qonun ustuvorligi ta’minlanayotgan bir sharoitda ekologik huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilayotgani barcha uchun muhim ogohlantirishdir. Tabiatni asrash — nafaqat davlat idoralarining, balki har bir fuqaroning vijdoniy burchi. Zero, bugun asralgan tabiat — ertangi kunning sog‘lom hayoti va kelajak avlodning munosib merosidir.
Zarif Komilov, O‘zA