Charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida Charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi tashkil etiladi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani va Andijon viloyati Shahrixon tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalari egallagan yer uchastkalari Direksiyaga ijara huquqi asosida ajratiladi va ushbu yerlarni boshqarish funksiyasi Direksiyaga yuklatiladi.
Direksiyaning yagona ta’sischisi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisoblanadi va Direksiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan ishonchli boshqaruv huquqi asosida boshqariladi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi charm-poyabzal sanoat zonasi hamda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida joylashgan teri va junni qayta ishlash korxonalari uchun zamonaviy suv tozalash inshootlarini barpo etishga O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan 2026-2027-yillarda 360 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratiladi.
Ikki oy muddatda terini qayta ishlash korxonalarida suv tozalash inshootlarini xalqaro talablarga moslashtirish va barpo etish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilib, unga kiritilgan loyihalarni 2026-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida moliyalashtirish bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilangan.
Charm-poyabzal tarmog‘ida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, loyihalarda ulushdor bo‘lib qatnashish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadlarida O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi "Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-181-son qarori bilan ajratilishi belgilangan 33 million AQFSH dollar miqdoridagi mablag‘larning:
a) 10 million AQSH dollari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2035-yil 31-dekabrgacha qaytarish sharti bilan 2026-2027-yillarda Jamg‘armaga quyidagi maqsadlarda korxonalarga tijorat banklari orqali kredit ajratish uchun yo‘naltiriladi:
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadlari uchun 10 yil muddatga, shundan 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada (Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi marjasi 3,5 foiz, bank marjasi 1,2 foiz va Agentlik xarajatlari 0,3 foiz);
aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 3,5 foiz stavkada (Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi marjasi 2,5 foiz, bank marjasi 1,2 foiz va Agentlik xarajatlari 0,3 foiz) 36 oy muddatgacha;
23 million AQSH dollari Direksiya ustav fondiga junni qayta ishlash va charm-poyabzal ishlab chiqarish loyihalari doirasida tadbirkorlar talablari asosida ishlab chiqarish bino hamda inshootlarini qurish va Direksiya bilan kelishilgan grafik asosida 7 yil muddatgacha tadbirkorlarga qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotish uchun yo‘naltiriladi.
2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulga qadar Direksiya hamda Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi "Charm-poyabzal kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi" MCHJni foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.
Agentlik O‘zbekiston-Koreya o‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrdan boshlab hududlarda "Dizayner-modelerlar maktabi", "Marketologlar maktabi" va "Texnologlar maktabi" tayyorlov kurslarini tarmoqdagi mutaxassis va ishchilar, kasanachi va kosiblar uchun davriy ravishda tashkil etib boradi.
2026-2027-yillarda Toshkent viloyati Ohangaron tumani va Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi charm-poyabzal sanoat zonalari hamda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi jun va terini qayta ishlash korxonalari uchun tashqi muhandislik- kommunikatsiya infratuzilmasi (yo‘l, suv, elektr va gaz tarmoqlari) bilan ta’minlashga 80 milliard so‘m ajratiladi.
O‘zA