2026-2027-yillarda baliq mahsulotlari yetishtirish hajmi 500 ming tonnaga yetkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, suv resurslari cheklangan sharoitda baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, yagona boshqaruv tizimini joriy etish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, intensiv texnologiyalarni keng tatbiq etish orqali baliq yetishtirish hajmini oshirish rejalashtirilgan.
Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) baliqchilik tarmog‘ida yagona davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish;
b) 2026-2027-yillarda hududlardagi mavjud sun’iy suv havzalarini intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirish orqali baliq mahsulotlari yetishtirish hajmini 500 ming tonnaga yetkazish;
v) 2027-yildan boshlab respublikaning tog‘oldi hududlarida sovuq suv baliqchiligini rivojlantirib, baliq yetishtirish quvvatlarini yiliga 20 ming tonnaga yetkazish;
g) baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishda suv ob’ektlarini shaffof ijaraga berish mexanizmlarini keng joriy etish;
d) baliqchilik tarmog‘ida ishlab chiqarish, hisob-kitob va monitoring jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali boshqaruv tizimini hamda tarmoq shaffofligini ta’minlash;
j) 2026-2027-yillarni respublikada baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va baliq yetishtirish hajmini keskin oshirish, baliqchilik sub’ektlarini davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlashning ustuvor davri deb belgilash;
z) har yili baliqchilik va akvakultura yo‘nalishida qo‘shimcha 100 nafar kadr tayyorlash hamda xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalarini kengaytirish.
Qaror bilan Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Qaror bilan Baliqchilikni rivojlantirish markazining asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Ikki oy muddatda doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan suv fondi yerlarida baliq yetishtirish uchun respublikadagi barcha suv omborlari, kollektor-drenaj tarmoqlari va tabiiy suv ob’ektlari Markazga bepul ijaraga beriladi.
Qaror bilan:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2026-2027-yillarda baliq yetishtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari va biriktirilgan mas’ullar ro‘yxati;
b) Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish hamda tabiiy va sun’iy suv havzalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
v) Baliqchilikni rivojlantirish markazining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Qaror bilan Suv xo‘jaligi vazirligiga intensiv usulda baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarini doimiy, shu jumladan, kuz-qish davrida suv bilan ta’minlash vazifasi yuklanadi.
Sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari kafolatlangan suv bilan ta’minlab boriladi. Kafolatlangan suv bilan ta’minlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili 15-yanvarga qadar sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (suv havzasi maydoni, manzili va boshqalar) Markazga kiritib boradi;
b) Markaz har yili 30-yanvarga qadar baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan buyurtmanomalari asosida yil davomidagi suvga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha ma’lumotlarni oylar va sub’ektlar kesimida shakllantirgan holda Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi;
v) Suv xo‘jaligi vazirligi har yili 1-martga qadar shakllantirilgan ro‘yxatga asosan suv manbalarini ko‘rsatgan holda suv olish limitlarining oyma-oy grafigini tasdiqlaydi. Baliqchilik xo‘jaliklari zimmasiga suv sarfini real vaqt rejimida o‘lchash imkonini beruvchi qurilmalarni o‘rnatish va ularni Suv xo‘jaligi vazirligining axborot tizimi bilan integratsiya qilish vazifasi yuklatiladi.
O‘zA