“Ombudsman maktabi”: huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirmoqda
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, uning qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Davlat siyosatida “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir sharoitda huquqni muhofaza qiluvchi va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining huquqiy bilimini oshirish, ularda insonparvarlik va qonunga hurmat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar tobora kengayib bormoqda.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova tashabbusi bilan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida qator muhim huquqiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Loyiha doirasida 1, 17 va 20-sonli jazoni ijro etish koloniyalari hamda 4-sonli tergov hibsxonasi ma’muriyati xodimlari ishtirokida o‘quv-muloqotlar o‘tkazildi. Ularda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Dilorom Ahmedova hamda “Yuksalish” harakati Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Hasan Bobojonovlar ham ishtirok etishib, inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbirlar davomida ishtirokchilarga “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, Ombudsman institutining qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazolarning oldini olish borasidagi vakolatlari va amaliy faoliyati haqida qonunchilik asosida batafsil ma’lumotlar berildi.
Muloqotlarda inson huquqlarini ta’minlash har bir mansabdor shaxsning shaxsiy mas’uliyati ekani alohida urg‘ulandi. Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan mahkum va mahbuslarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularga nisbatan har qanday ruhiy, ma’naviy yoki jismoniy bosimga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik qonunning qat’iy talabi ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, mamlakatimizda inson qadri eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgani, mazkur konstitutsiyaviy tamoyil barcha davlat organlari qatori yopiq muassasalar faoliyatida ham so‘zsiz ta’minlanishi lozimligi qayd etildi. Tadbirlar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha huquqiy tushuntirishlar olib, amaliy faoliyatda uchrayotgan masalalar yuzasidan fikr almashdi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi faqat jazoni ijro etish muassasalari bilan cheklanib qolmadi. Loyiha doirasida Buxoro shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” markazida ham huquqiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda muassasa ijtimoiy xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmonining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi huquqiy bilimlarni oshirish bilan birga, inson huquqlariga hurmat, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim tashabbusdir. Zero, inson qadri ta’minlangan, huquqlari ishonchli himoya qilingan jamiyatdagina haqiqiy adolat va taraqqiyot qaror topadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning insonparvar davlat sifatidagi qiyofasini yanada mustahkamlab, qonun ustuvorligini hayotning barcha sohalarida ta’minlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA