Aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini birinchi-ikkinchi bosqichlarda aniqlash darajasi 30 foizdan 40 foizgacha oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, Respublikada saraton kasalliklarini erta aniqlanib, tashxislash va davolash tizimi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi. Aholiga ko‘rsatiladigan onkologik tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligi oshiriladi, soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalari rivojlantiriladi, shuningdek, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar saraton kasalliklariga qarshi kurashishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) aholini eng ko‘p uchraydigan (bachadon bo‘yni, ko‘krak bezi, yo‘g‘on ichak, oshqozon, prostata bezi va o‘pka) saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olish ko‘rsatkichini kamida 60 foizga yetkazish;
b) aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini birinchi-ikkinchi bosqichlarda aniqlash darajasini 30 foizdan 40 foizgacha oshirish;
v) aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini uchinchi-to‘rtinchi bosqichlarda aniqlash darajasini 65 foizdan 55 foizga kamaytirish;
g) eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklariga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr ko‘rish davomiyligi ko‘rsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish;
d) har 100 ming nafar aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari tufayli o‘limlarni 5,1 ko‘rsatkichdan 3,7 ga qisqartirish;
j) saraton kasalliklariga chalingan barcha bemorlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida tashxislash va davolash bilan to‘liq qamrab olish.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi asosida aholi o‘rtasida oshqozon, yo‘g‘on ichak (kolorektal), o‘pka va prostata bezi saratoni kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish chora- tadbirlari hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Quyidagilar Dasturning ustuvor vazifalari etib belgilandi:
a) aholining saraton kasalliklari xavf omillari, dastlabki belgilari va oldini olish usullari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish;
b) saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, tashxislash va davolash tizimini quyidagilar orqali takomillashtirish:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligini oshirish, saraton kasalliklarining dastlabki belgilarini aniqlash va bemorlarni yo‘naltirish bo‘yicha malakasini mustahkamlash;
xalqaro tavsiyalarga muvofiq klinik qo‘llanmalarni qabul qilish, onkologiya yo‘nalishida multidissiplinar jamoaviy yondashuv ("Multidisciplinary Tumor Board") tamoyilini joriy etish;
aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha erta tashxislash dasturlarini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etish, shuningdek, tezkor tashxislash yo‘nalishlarini ("Rapid Diagnostic Pathway") tatbiq etish;
v) quyidagilar hisobiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish va o‘lim holatlarini kamaytirish:
nur terapiyasi xizmatini modernizatsiya qilish, jumladan, kobalt qurilmalarini zamonaviy chiziqli tezlatkichlarga bosqichma-bosqich almashtirish va yuqori dozali braxiterapiya imkoniyatlarini kengaytirish;
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallari diagnostik infratuzilmasini mustahkamlash, jumladan, patomorfologiya laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va hududlararo molekulyar-genetik diagnostika markazlarini tashkil etish;
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga muvofiq o‘smaga qarshi dori vositalarini uch guruhli tasniflash tizimini joriy etish hamda birinchi guruh (zaruriy) dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlashni davlat tomonidan kafolatlash;
onkologiya sohasida tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish, o‘quv jarayonida simulyatsion texnologiyalarni kengaytirish hamda ilmiy faoliyatni takomillashtirish.
O‘zA