Sportchilarning davomatini raqamli nazorat qilish masalasi muhokama qilindi
Sport vazirligida 2025–2026-yillar davomida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lar hamda 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi.
Davlat byudjeti dasturlarini shakllantirish, monitoring qilish va ularning ijrosini muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda sport maktablarida o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarida sportchilar va trenerlar davomatini Face ID hamda geolokatsiya orqali nazorat qilishga qaratilgan raqamli tizimning ishlash jarayoni tahlil qilindi.

Mazkur tizim orqali mashg‘ulotlarning belgilangan joy va vaqtda o‘tkazilishini nazorat qilish, sportchilar va trenerlarning real ishtirokini raqamli qayd etish, davomat bo‘yicha ma’lumotlarni avtomatik shakllantirish hamda monitoring jarayonlarini takomillashtirish ko‘zda tutilganligi qayd etildi.
Taqdimotlar yakunida sport vaziri Adham Ikromov “Tashabbusli byudjet” dasturini va kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalarni yanada takomillashtirish, sport maktablaridagi o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari davomatini nazorat qilishning raqamli mexanizmlarini amaliyotga joriy etish hamda byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli taklif va topshiriqlar berildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA