Mahalla maydonidan katta futbol sari
Olmaliq shahridagi OKMK PFK akademiyasida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev futbol bo‘yicha "DXX kubogi–2026" respublika bosqichining final bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan jamoa yoshlari bilan uchrashdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli tashkil etish yoshlarning sportga qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “DXX kubogi–2026” musobaqasi ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Musobaqalarda mahallalardan saralangan yoshlarning ishtirok etishi ularga o‘z iqtidor va mahoratini namoyon etish, tajriba orttirish hamda professional sportga qadam qo‘yish imkonini bermoqda.

Uchrashuv davomida akademiyada yosh futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Jumladan, sportchilarning mashg‘ulot jarayonlari, jismoniy tayyorgarligi va futbol bo‘yicha mahoratini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Yosh futbolchilar bilan suhbatlashilib, ularning sportdagi maqsadlari, qiziqishlari va kelgusidagi rejalari haqida fikrlari tinglandi.
“DXX kubogi–2026” respublika final bosqichida Toshkent viloyati sharafini uchta jamoa himoya qiladi. Xususan, Yuqori Chirchiq tumanining Oqovul mahallasi va Bo‘ka tumanining “Yangi hayot” MFY jamoalari o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda, Yangiyo‘l tumanining “Xalqobod” MFY jamoasi esa qizlar o‘rtasidagi mini-futbol musobaqalarida viloyat nomidan maydonga tushadi.

Muloqotda viloyat hokimi yosh sportchilarni erishilgan natija bilan tabriklab, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etish, o‘z mahorat va imkoniyatlarini to‘liq namoyon qilish zarurligini ta’kidladi. Jamoalarga qizg‘in bahslarda omad tilab, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishlariga ishonch bildirildi. Shuningdek, respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalarni munosib rag‘batlantirish maqsadida pul mukofotlari ajratilishi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan jamoaga 500 million so‘m, beshta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarga esa 100 million so‘mdan pul mukofoti beriladi.

Ta’kidlanganidek, bunday rag‘bat yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, mahallalarda futbol muhitini shakllantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA