Sport maktablariga bayram sovg‘alari
Andijon shahridagi Universal sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Sport vazirligi tomonidan Andijon viloyatidagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablariga ajratilgan zamonaviy sport jihozlari, anjomlar hamda sport kiyimlarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘z olganlar mamlakatimizda sportni, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, sport maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
– Sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yutuqlarimizning muhim omili bo‘lmoqda, – deydi Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov. – Jumladan, ana shu e’tibor tufayli sportning barcha turlari yuksalib, yangi bosqichga ko‘tarilib, yosh sportchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda erishayotgan yutuqlari salmog‘i ham yildan-yilga ortib bormoqda.


Sport maktablariga mustaqillik bayrami sovg‘asi sifatida topshirilgan jihoz va kiyimlar sport maktablarining moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirish, mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish, yosh sportchilarning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlariga xizmat qiladi.


Bayram sovg‘asi – sport jihozlari ortilgan maxsus karvon shu kunning o‘zida viloyatning barcha tuman va shaharlarga yo‘l oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri