«So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida man etilgan holatlar ko‘rsatib o‘tildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025-2026 o‘quv yili yakuni munosabati bilan «Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!» shiori ostida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari tashkil etiladi.
Xususan, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari joriy yilning 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 gacha o‘tkaziladi. Bundan tashqari, 25-30-may kunlari barcha hududlarda «Xayr bog‘cha — salom maktab!» shiori ostida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun bayram tadbirlari tashkil etiladi.
Vazirlik tavsiyasiga ko‘ra, tadbirlarni o‘tkazishda o‘quvchilarga yaratilayotgan sharoitlar va ularning erishayotgan yutuqlarini bitiruvchilarga sodda va tushunarli tarzda yetkazish, namunali xulq va a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, o‘quvchilarning ota-onalari «Eng faol ota», «Jonkuyar ona», «Mas’uliyatli ota-ona» kabi nominatsiyalar hamda «Minnatdorchilik xat»lari bilan taqdirlanishi belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda maktab hovlisidagi soya-salqin va ochiq maydonlarda tashkil etish talab etiladi. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan avtotransport vositalarini boshqarish kabi holatlar qat’iyam man etilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA