Senat yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda
Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi bugun o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Yalpi majlis birinchi ish kunida “Bozor nazorati to‘g‘risida”, “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”, “Harbiy xizmatchilar (xodimlar)ning va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar ma’qullandi.
Bugun “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunlar ma’qullanishi, qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi, xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitiladi.
Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama etiladi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat)O‘zA