Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari mustahkamlanadi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev tadbirkorlik sub’ektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun qo‘shimcha kafolatlar, shuningdek davlat tomonidan taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari va mexanizmlarining huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash zarurati ham yuzaga kelganini ta’kidladi.
Qonun bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga tadbirkorlarning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etishi kafolatlarini belgilashga oid yangi norma kiritilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tartibga solish ta’sirini baholash hisoboti bevosita tadbirkorlik sub’ektlarining hamda ular birlashmalarining ishtirokida muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, yashil texnologiyalar, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy tadbirkorlik va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun subsidiyalar berish, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik hamda innovatsion loyihalarni davlat grantlari asosida moliyalashtirishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini yanada kengaytirish hamda tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA