Kosonda ilk bor yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarda yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlari ilk bor tuman darajasida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ahamiyatlisi, murakkab operatsiyalar respublika va viloyatning yetakchi kardiojarrohlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi, viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda Koson tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi.
Mutaxassislar ishtirokida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan ikki nafar bolada rejalashtirilgan kardiojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Yetti yoshli Abdulloh va uch yoshli Bekzod bolaligidan tug‘ma yurak nuqsoni bilan dispanser nazoratida bo‘lib kelgan.
Mazkur operatsiyalar «Vaqf-2» loyihasi doirasida bemorlar uchun bepul amalga oshirildi. Ayni paytda bolalarning ahvoli yaxshi bo‘lib, mutaxassislar nazorati ostida tiklanish jarayonini o‘tamoqda.
Qayd etish joizki, Qashqadaryo viloyatida 2026-yil davomida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 50 nafardan ortiq bolada yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.
Koson tumanidagi mazkur amaliyotlar esa respublika va viloyatning yetakchi mutaxassislari ishtirokida tuman sharoitida tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bolalarda amalga oshirilgan ilk yuqori texnologiyali kardiojarrohlik operatsiyalari sifatida ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri