“Imkoniyat cheklanmagan!”
Nukus shahridagi Yoshlar markazi binosida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida “Imkoniyat cheklanmagan!” shiori ostida ijodiy ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbirda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, deputatlar, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi vakillari, partiya faollari, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan ishlarini keng jamoatchilikka namoyish etish, ijtimoiy faolligini oshirish, mehnatga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish hamda jamiyatda inklyuziv muhitni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi partiya guruhi a’zolari so‘zga chiqib, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlashdi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, ularning iqtidor va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat tamoyillarini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida Konstitutsiyamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari asosida yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida atroflicha fikr bildirdi.

Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning o‘z qo‘l mehnati bilan tayyorlagan buyumlari, amaliy san’at namunalari, bezak mahsulotlari, suvenirlar, to‘quvchilik va tikuvchilik mahsulotlari hamda boshqa turli ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.

Ko‘rgazma ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar namoyish etilgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishib, ularning yaratilish jarayoni va mualliflari bilan muloqot qildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan qo‘l mehnati mahsulotlarini xarid qilib, ijodkorlarning mehnati va tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtisodiy faolligini rag‘batlantirish va ularning mehnatini munosib qadrlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan namoyish etilgan ijodiy ishlar yuksak baholanib, ularning iqtidori, mehnatsevarligi va ijodkorligi alohida e’tirof etildi. Qayd etilganidek, insonning imkoniyati uning jismoniy holati bilan emas, balki intilishi, bilim va iqtidori bilan belgilanadi. Shu ma’noda mazkur ko‘rgazma har bir inson uchun teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va mehr-oqibat muhitini qaror toptirishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan ijodkorlarga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri