Senat Raisi MDH makonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi(PA)ning 60-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda MDH makonida 2026-yil – Sog‘liqni saqlash yili doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar e’tibor markazida bo‘ldi.
Nufuzli anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mazkur tuzilma o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, parlament diplomatiyasini mustahkamlashda muhim platformaga aylanganini ta’kidladi. Xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladigan hamda hayot sifatiga ta’sir qiladigan eng muhim masalaga e’tibor qaratilmoqda. Zero, sog‘liqni saqlash sohasida qo‘shma dasturlarning amalga oshirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

– O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda o‘zining maqsadli siyosatini olib bormoqda, - dedi T.Norboyeva. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish – davlatning eng ustuvor vazifalaridan biri etib belgilagan. “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, telemeditsinani rivojlantirish va birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Senat Raisi MDH makonida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim takliflarni bildirdi. Jumladan, tibbiy yordam ko‘rsatish va sog‘liqni saqlashga oid qonunchilikni muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi.
Bunda, tibbiy hujjatlarni o‘zaro tan olish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, tibbiy ma’lumotlar almashinuvi va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish zarur. Shu bois, MDH makonida sog‘liqni saqlash bo‘yicha namunaviy qonun ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Joriy yilda O‘zbekiston MDH Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik kengashiga raislik qilayotgani amaliy tashabbuslarni ilgari surish va parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish borasida qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekiston parlament delegatsiyasi tomonidan transchegaraviy sog‘liqni saqlash sohasida huquqiy asoslarni rivojlantirish bilan birga yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, sog‘lom ovqatlanish va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, farmatsevtika sohasida yagona yondashuvlarni shakllantirish, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sifat nazoratini kuchaytirish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda malaka almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga doir takliflar ilgari surildi.
Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratish va qabul qilingan qonunlarning samarali ijrosini ta’minlashda parlament diplomatiyasi muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi MDH PA huzuridagi Sog‘liqni saqlash bo‘yicha ekspert kengashi salohiyatidan yanada samarali foydalanish tashabbusini ilgari surib, ushbu yo‘nalishda faol hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Majlis yakunida muvofiqlashtirilgan qonunchilik tashabbuslari hamda parlamentlararo hamkorlik MDH makonida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini mustahkamlashga xizmat qilishi e’tirof etilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Norgul Abduraimova, O‘zA