Militsa Stamenkovski: O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi bo‘yicha yondashuvini yuqori baholaymiz
Iqtisodiy transformatsiya, mehnat bozoridagi o‘zgarishlar va migratsiya jarayonlarining jadallashuvi davlatlar o‘rtasida mehnat, inson kapitali va ijtimoiy himoya masalasi bo‘yicha yaqin hamkorlikni taqozo etmoqda. Bu borada O‘zbekiston mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solish, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, xavfsiz va qonuniy migratsiya mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan ochiq va pragmatik siyosatni izchil amalga oshirmoqda.
Yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Xalqaro migratsiya forumi – 2026” doirasida Serbiya Respublikasi mehnat, bandlik, veteranlar va ijtimoiy masalalar vaziri Militsa Stamenkovskining O‘zbekiston – Serbiya hamkorligi, mehnat mobilligi va strategik sheriklik istiqbollariga oid fikrlari muhim ahamiyat kasb etdi.
– O‘zbekiston bilan mehnat mobilligi sohasidagi muloqotlarimiz yuqori sur’at va konstruktiv ruhda o‘tdi. Agar muzokaralar shu tarzda izchil davom etsa, O‘zbekiston Serbiya bilan mehnat mobilligi bo‘yicha keng qamrovli bitim imzolaydigan birinchi davlatga aylanishi mumkin. Biz yurtingizni do‘st va ishonchli hamkor sifatida qadrlaymiz.
Ayniqsa, o‘lkangiz tomonidan Serbiyaga yuborilayotgan mehnat migrantlarini serb tili, milliy qadriyat va madaniyat bilan tanishtirishga qaratilayotgan yondashuvni yuqori baholaymiz. Bu esa mamlakatimizni ular uchun shunchaki ish joyi emas, balki ikkinchi uyga aylantirishga xizmat qiladi.
Serbiya prezidenti ham O‘zbekiston bilan munosabatni tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida baholamoqa. Biz ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik alohida sohalar bilan cheklanib qolmasdan, strategik sheriklikning eng yuqori bosqichiga chiqishini istaymiz. Serbiya Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib, har ikki yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini muvozanatli rivojlantirishga intiladi. Ishonamizki, O‘zbekiston bilan olib borilayotgan muloqotlar yaqin kelajakda aniq amaliy natijalar beradi.
D.Hakimov,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA