Prezident: “fan-klublar a’zolari har bir o‘yinda chin o‘zbekona, betakror uslubi bilan o‘n ikkinchi o‘yinchi vazifasini munosib bajarmoqda”
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga kuzatish marosimida nutq so‘zladi.
–Bugun stadionda fan-klublarimizni ham ko‘rib turibman. Ular terma jamoa o‘yinlarini nafaqat tribunadan kuzatyapti, balki futbolchilar bilan birga kurashyapti, futbolning ichida yashayapti.
Fan-klublar a’zolari har bir o‘yinda chin o‘zbekona, betakror uslubi bilan o‘n ikkinchi o‘yinchi vazifasini munosib bajarmoqda. Ishonchim komil, ular mundialda ham minglab yurtdoshlarimiz, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan birga xuddi hozirgidek g‘ayrat-shijoat va hayqiriqlar bilan futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlashadi.
Yurtimizda futbol allaqachon har bir oilaning do‘stiga aylanib ulgurgan, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘rib turibman, bugun ham ko‘pchiligingiz stadionga farzand va nabiralaringiz bilan kelgansiz. Sportchilarimiz erishayotgan yutuqlardan ruhlanib, ularning orasidan ham yangi-yangi chempionlar, albatta, chiqadi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘tgan yili poytaxtimizda 100 gektardan ziyod maydonda 5 ta yirik sport majmuasini o‘z ichiga olgan Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi. Yangi Toshkentda FIFA standartlariga to‘liq javob beradigan 55 ming o‘rinli muhtasham stadion qad rostlamoqda.
Mazkur stadion yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari uchun katta sovg‘a bo‘ladi. Bunday zamonaviy inshootlar yurtimizda ko‘plab nufuzli xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazishga xizmat qiladi, sportchilarimizni yanada ulkan va yorqin g‘alabalar sari yetaklaydi, – dedi Prezidentimiz.
O‘zA