Prezidentimiz milliy terma jamoani jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026-yilgi jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi.
Marosim avvalida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari maydonda saf tortdi.


Davlatimiz rahbari stadionda to‘plangan yurtdoshlarimiz, futbol muxlislari, milliy terma jamoa a’zolari, murabbiylar shtabi va sport jamoatchiligi vakillarini katta futbol bayrami bilan tabrikladi.
Bugungi kun o‘zbek futboli uchun yana bir tarixiy sana ekani, milliy terma jamoamiz AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga katta ishonch va ezgu tilaklar bilan kuzatilayotgani ta’kidlandi.


Davlatimiz rahbari futbolchilarimiz mamlakatimizga unutilmas quvonchli kunlarni taqdim etganini ta’kidlab, ularga, ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalariga, ustoz va murabbiylariga, terma jamoamizning barcha a’zolariga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
Marosimda futbol muxlislarining milliy jamoaga bo‘lgan mehri va sadoqati alohida e’tirof etildi. Prezident g‘alaba onlarida ham, qiyin damlarda ham futbolchilar bilan birga bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan yurtdoshlarimizga rahmat aytdi.


Fan-klublar faoliyati ham alohida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, ular terma jamoa o‘yinlarini nafaqat tribunadan kuzatmoqda, balki har bir bahsda o‘zbekona, betakror uslubi bilan “o‘n ikkinchi o‘yinchi” vazifasini munosib bajarib kelmoqda. Davlatimiz rahbari ular jahon chempionatida ham minglab yurtdoshlarimiz va xorijdagi vatandoshlarimiz bilan birga futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz mamlakatimizda futbol allaqachon har bir oilaning do‘stiga aylanganini ta’kidladi. Sportchilarimiz erishayotgan yutuqlardan ruhlangan farzandlarimiz orasidan ham kelajakda yangi chempionlar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.


So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan e’tibor, har bir hududda bunyod etilayotgan yirik sport inshootlari, joylarda tashkil etilayotgan professional futbol akademiyalari va yaqinda ish boshlagan Milliy futbol markazi yoshlarimizning yangi yutuqlarga erishishi uchun mustahkam zamin bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, o‘tgan yili poytaxtimizda 100 gektardan ziyod maydonda 5 ta yirik sport majmuasini o‘z ichiga olgan Olimpiya shaharchasi qurib bitkazilgani, Yangi Toshkentda FIFA standartlariga to‘liq javob beradigan 55 ming o‘rinli muhtasham stadion qad rostlayotgani ta’kidlandi. Bu kabi zamonaviy inshootlar yurtimizda nufuzli xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga, sportchilarimizni yanada ulkan g‘alabalar sari yetaklashga xizmat qiladi.


Davlatimiz rahbari milliy terma jamoa a’zolariga murojaat qilib, xalqimiz ularga oq fotiha berib, katta mundialga kuzatayotganini ta’kidladi. Oldinda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalari bilan muhim o‘yinlar kutib turgani, futbolchilarimiz katta kuch-g‘ayrat va ishonch bilan maydonga chiqishi zarurligi qayd etildi.
– Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz. Haqiqiy o‘zbekona jasorat, matonat va irodangiz bilan chiroyli va ishonchli o‘yin ko‘rsatib, barchamizni xursand qilasiz deb ishonamiz, – dedi Prezident.


Nutq yakunida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan esdalik suratiga tushdi.
Konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir yakunida milliy terma jamoaning nazorat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.






