Sayyor qabullar: fuqarolar murojaati e’tiborda
Aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash, fuqarolarning sud-huquq masalalari bo‘yicha murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish hamda huquqiy muammolarini tezkor hal etish maqsadida Oliy sud raisi o‘rinbosari A.Shukurov boshchiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida sud masalalariga bag‘ishlangan sayyor qabullar tashkil etildi.
Jumladan, Chimboy va Amudaryo tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 40 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Qabul jarayonlarida aholining sud-huquq sohasiga oid masalalari atroflicha o‘rganilib, har bir murojaat bo‘yicha qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Murojaatlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning 22 tasi jinoyat ishi, 13 tasi fuqarolik ishi hamda 5 tasi ma’muriy sudlov yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Qabullar davomida fuqarolarning 21 ta murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirish berilib, amaldagi qonunchilik asosida ularning huquq va majburiyatlari keng tushuntirildi. Qolgan 19 ta ariza va shikoyat esa qonuniy tartibda ko‘rib chiqish va tegishli choralar ko‘rish uchun ish yurituviga olindi.

Ta’kidlash joizki, bunday sayyor qabullar aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash, har bir murojaat ortida turgan muammoni chuqur o‘rganish hamda odil sudlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, murojaatlari ijobiy hal etilgan 9 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Oliy sud raisi nomiga yozma tashakkurnoma yo‘llab, aholi dardiga quloq tutilayotgani, murojaatlarga e’tibor va adolatli yondashuv ta’minlanayotganini alohida e’tirof etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.