Konstitutsiyaviy qonun loyihasi olimlar va jamoatchilik nigohida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni loyihasi olimlar va jamoatchilik nigohida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari, davlat va nodavlat tashkilotlari mutaxassislari va ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida konstitutsiyaviy qonun loyihasining biznes muhitiga ta’siri, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Qayd etildiki, markaz rezidentlari uchun jahon amaliyotidagi eng ilg‘or imkoniyatlar majmui yaratilmoqda. Kapitalning erkin harakati, erkin valyuta operatsiyalari, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi va soddalashtirilgan viza tartibi shular jumlasidandir. Bu kabi jihatlar xalqaro investorlarga uzoq muddatli strategik rejalar tuzish uchun ishonchli asos yaratadi.
Markaz mamlakatimizda zamonaviy moliyaviy va texnologik ekotizim yaratib, mintaqaviy moliyaviy-investitsiyaviy xabga aylanish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Mahalliy tadbirkorlar uchun ham xalqaro kapitalga kirish, moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanish va texnologik hamkorliklar asosida yangi o‘sish imkoniyatlari shakllanadi.
Muhokama jarayonida qonun loyihasi bo‘yicha qator ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi. Loyihaning strategik yo‘nalishi – yurtimizga yirik investitsiyalarni jalb qilish va milliy iqtisodiyotimizni jahon moliyaviy tizimiga integratsiyalash ishtirokchilar tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlandi.
Davra suhbati yakunida loyiha yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA