E’tibor va g‘amxo‘rlik: ehtiyojmand oilalarga quvonch ulashilmoqda
Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi qaroriga muvofiq, ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib turmush kechirishlari uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, Qurbon hayiti arafasida ta’mirlangan xonadonlarning egalariga topshirilayotgani yurtdoshlarimizga bayramona kayfiyat va qo‘shimcha quvonch bag‘ishlamoqda. Chunki uy inson uchun nafaqat yashash maskani, balki xotirjamlik va ishonch manbai hamdir.

Jumladan, Koson tumanining Quybog‘ mahallasida yashovchi 42 yoshli Shavkat Aminov ana shunday g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lgan fuqarolardan biri. U ikki nafar farzandning otasi. Yoshligidagi baxtsiz hodisa tufayli I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Oilaning asosiy daromadi nogironlik hamda bolalar nafaqasidan iborat.
Oila boquvchisi bo‘lishiga qaramasdan, mehnatga layoqatsizligi tufayli turmushda qator qiyinchiliklarga duch kelgan fuqaroning xonadoni ta’mirlab berildi. Bu esa nafaqat bir oilaga ko‘rsatilgan amaliy yordam, balki inson taqdiriga befarq bo‘lmaslikning yana bir ifodasi bo‘ldi.

E’tiborlisi, bugun Shavkat Aminov kabi yuzlab oilalar hayotiga quvonch kirib kelmoqda. Bu kabi ezgu ishlar inson qadri ulug‘lanayotgan, ijtimoiy himoya va manzilli yordam tizimi izchil takomillashib borayotgan Yangi O‘zbekistonning amaliy ifodasidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida joriy yilda 359 ta ehtiyojmand oilaning xonadonini ta’mirlash rejalashtirilgan. Bu esa aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush farovonligini oshirish va hayot sifatini yaxshilash yo‘lidagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA