Zamonaviy kosmik texnologiyalarini qo‘llash istiqbollari
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti – Green University huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida “O‘zbekkosmos” agentligining Yerni masofadan zondlash, geoaxborot tizimlari texnologiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasi tuproq va o‘simlik qoplamini tahlil qilish sohasidagi innovatsion faoliyati” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda markaz xodimlari, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professor-o‘qituvchilari, olimlar, mutaxassislar va talabalar ishtirok etishdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga “O‘zbekkosmos” agentligining Yerni masofadan zondlash texnologiyalari, geoaxborot tizimlari (GAT), hududlarni raqamli monitoring qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining tuproq va o‘simlik qoplamini tahlil qilish sohasidagi faoliyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Yer resurslarini baholash, qishloq xo‘jaligi hududlarini monitoring qilish, ekologik vaziyatni o‘rganish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda kosmik suratlar va zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, agrokimyogar olim, markaz direktori o‘rinbosari A.Mirzambetov GAT texnologiyalaridan foydalangan holda tuproq va o‘simliklarni raqamli xaritalashning dolzarb masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berib, ularning ilmiy tadqiqotlar va amaliy faoliyat uchun muhimligini ta’kidladi.
Seminar ochiq va konstruktiv ruhda o‘tkazilib, ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy kosmik va geoaxborot texnologiyalarini ommalashtirish, shuningdek, ularni ekologiya, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA