Samarqanddan yangragan g‘oyalar yoshlarning xalqaro hamkorligini mustahkamlaydi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand shahrida XII Butunjahon Yosh parlamentariylar forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur xalqaro anjumanning mamlakatimizda o‘tkazilishi xalqaro hamjamiyatning milliy parlamentimiz faoliyatidagi rivojlanish hamda yoshlar siyosatiga oid islohotlarimizga nisbatan ishonchi va e’tirofi namunasi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmahamatova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Bugun qadimiy Samarqand XII Butunjahon Yosh parlamentariylari konferensiyasiga mezbonlik qilmoqda. O‘zbekistonlik yosh parlamentariy sifatida ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etayotganim men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir.
“Notinch davrlarda barcha uchun inson huquqlari, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusidagi konferensiya dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh parlamentariylar, parlament rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir maydonda jamladi. Bu Samarqandning bugun xalqaro muloqot va parlament diplomatiyasining muhim markaziga aylanayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida bugungi geosiyosiy beqarorlik sharoitida inson qadr-qimmati, adolat va tinchlikni ta’minlash eng ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi. Muloqot, o‘zaro ishonch va hamkorlik esa bugungi davrning eng muhim qadriyati sifatida e’tirof etildi.
Nutqdagi eng muhim chaqiriqlardan biri — yoshlarni qaror qabul qilish jarayonlarining to‘laqonli ishtirokchisi sifatida ko‘rish. Bu yondashuv O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati bilan hamohang. So‘nggi yillarda Oliy Majlis huzurida Yoshlar parlamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qonunchilik palatasida esa Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etilib, yoshlarning qonun ijodkorligi, parlament nazorati va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu yoshlar tashabbuslari va ovoziga tobora kengroq imkoniyat berilayotganining amaliy ifodasidir.
Shuningdek, nutqda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni mas’uliyat bilan rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik va tengsizlik kabi global muammolarni parlamentlararo hamkorlik orqali hal etish zarurligi ham alohida urg‘ulandi.
O‘zbekistonlik yosh parlamentariy sifatida ishonamanki, Samarqanddan yangragan g‘oyalar va tashabbuslar yoshlarning xalqaro hamkorligini mustahkamlash, tinchlik, adolat va barqaror rivojlanishga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA