Samarqand global konferensiya: yoshlar huquqlari, raqamli makon va iqlim o‘zgarishi – e’tibor markazida
Samarqandda o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida muhim mavzularda sessiyalar o‘tkazildi.
“Murakkab davrda yoshlar huquqlarini himoya qilish" mavzusidagi sessiyada qurolli nizolar va turli inqirozli vaziyatlarning yoshlar hayotiga ta’siri, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim olish imkoniyatlarini ta’minlash hamda tinch va xavfsiz hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Unda BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarining Markaziy Osiyodagi vakili, Parlamentlararo ittifoqning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Yosh parlament a’zolari byurosi, O‘zbekiston, Keniya, Serbiya va Tailand parlamentlari vakillari o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
So‘zga chiqqanlar nizolar sharoitida yoshlarning huquqlarini samarali himoya qilishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ularga zarur ijtimoiy va gumanitar yordam ko‘rsatish, ta’lim va rivojlanish imkoniyatlarini saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Parlamentlarning yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning muammolariga yechim topishga qaratilgan qonunchilik va parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirishdagi o‘rni xususida fikr almashildi. O‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
“Raqamli davrda raqamli huquqlarni himoya qilish” mavzusidagi sessiyada raqamlashtirish insonlarning axborot olish, muloqot qilish, ta’lim va o‘z imkoniyatlarini namoyon etish borasidagi imkoniyatlarini kengaytirayotgani qayd etildi. Ayni paytda raqamli muhitda shaxsga doir ma’lumotlarning daxlsizligi, so‘z erkinligi, onlayn xavfsizlik va inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq yangi masalalar ham kun tartibidagi dolzarb masalalar hisoblanadi.
Mazkur tahdidlarga javoban xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi. Xususan, raqamli platformalar faoliyatining inson huquqlariga ta’siri, texnologiyalardan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish, Internetda so‘z erkinligini ta’minlash hamda yoshlarni raqamli xavflardan himoya qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Sessiyada O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirligi va Urugvay parlamenti a’zolari, Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament a’zolari byurosi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, Xalqaro elektr aloqa uyushmasi, “Global hamdardlik uchun Satyarthi harakati” tashkiloti vakillari raqamli huquqlarni himoya qilish bo‘yicha milliy va mintaqaviy yondashuvlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Raqamli taraqqiyot va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, texnologiyalardan foydalanishda xavfsizlik va mas’uliyat tamoyillarini kuchaytirish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

“Hozirgi va kelajak avlodlar uchun iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni ta’minlash” mavzusidagi sessiyada yoshlarning xavfsiz, sog‘lom va barqaror atrof - muhitda yashash huquqini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament a’zolari byurosi, Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi, BMT Atrof-muhit dasturining Markaziy Osiyo bo‘yicha subhududiy ofisi va Jahon kelajagi kengashi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston, Pokiston va Seyshel orollari parlamentlari a’zolari bugungi va kelajak avlodlar uchun iqlim xavflariga moslashish, iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish va iqlim adolatini ta’minlashning samarali yo‘llarini muhokama qildi.
Taqdimotlarda inson huquqlarini markazga qo‘ygan yondashuv asosida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha yechimlar yuzasidan takliflar ilgari surildi. Mavzu bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi va o‘zaro tajriba almashildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA