Samarqand global konferensiyasi yoshlarni tinchlik va adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida birlashtirdi
Bugun, 2026-yil 4-sentabr kuni Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» (Silk Road Samarkand) xalqaro turizm markazida joylashgan Kongress markazida Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman Oliy Majlis Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida o‘tkazilmoqda.
4 - 6-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli anjuman “Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan yosh parlament a’zolari, 11 xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 250 ga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning global konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
Tabrikda O‘zbekiston BMTning «Yoshlar - 2030» strategiyasini jadal amalga oshirayotgan dunyoning o‘nta yetakchi davlati qatoridan o‘rin olayotgani qayd etildi. Mamlakatimiz global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
“Ishonchim komilki, anjuman doirasidagi muloqot va munozaralar ochiq, konstruktiv va amaliy ruhda kechadi. Ularda ilgari suriladigan tashabbuslar, qabul qilinadigan samarali hujjatlar va yangi hamkorlik mexanizmlari yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, parlamentlararo hamkorlik institutlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deb alohida ta’kidlagan Prezident.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan e’tibor xorijiy parlamentlar a’zolari tomonidan ham alohida e’tirof etilayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, yangilangan Konstitutsiya, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi va boshqa strategik hujjatlarda yoshlar manfaatlari ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Konferensiya mavzusidan kelib chiqib, Senat Raisi muhim uchta ustuvor yo‘nalishni taklif qildi. Jumladan, yoshlarni siyosatning ob’ekti emas, qarorlarning hammuallifiga aylantirish, huquqlarni aniq himoya mexanizmlari bilan ta’minlash, huquqlarni real imkoniyatlarga aylantirishga oid muhim yo‘nalishlar bo‘yicha aniq takliflarni bayon etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov yoshlar masalasiga qaratilayotgan e’tiborning ahamiyati haqida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari aytganlaridek, yoshlarga imkoniyat berishning eng yuqori ko‘rinishi ularning o‘zlari qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishidir. Shu maqsadda parlament faoliyatida ham yoshlar bilan ishlashning institutsional mexanizmlari joriy etildi.
Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson yoshlarning ovozi xalqaro miqyosda muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarida tobora katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, turli mamlakatlardan kelgan yosh parlament a’zolarining o‘zaro muloqoti, tajriba almashinuvi va hamkorligi bugungi global muammolarni hal qilishga yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Anda Filip yoshlarning siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida munosib va mazmunli o‘rin egallashi muhimligiga doimo ishonib kelganini ta’kidladi. Parlamentlararo ittifoqning yosh parlament a’zolari shiori – «Biz haqimizda qarorlar bizsiz qabul qilinmasin», degan fikriga to‘liq qo‘shilaman. Bu oddiy tamoyil bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo u parlament faoliyatining mohiyati va inklyuzivlikning muhim ekanining asosini tashkil etadi.
Global konferensiya davomida o‘tkazilgan sessiyalarda inson huquqlari va yoshlarning siyosiy ishtiroki, ijtimoiy adolat, raqamli xavfsizlik, ta’lim va munosib mehnat, yosh ayollarning siyosiy faolligi, shuningdek, parlamentlarning global muammolarni hal etishdagi roli kabi qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida yoshlar zamonaviy dunyodagi dolzarb muammolar yuzasidan o‘z fikr va tashabbuslarini bildirdi hamda inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlash, tinchlik va adolat tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, barqaror taraqqiyotga erishish masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi.
Umuman, bugun Samarqand nafaqat yoshlarning muloqot maydoni, balki muhim uchrashuvlar markaziga ham aylandi.
Tadbir yakunida yosh parlament a’zolarining taklif va tashabbuslarini o‘zida aks ettirgan global konferensiyaning yakuniy hujjati qabul qilinishi kutilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA