Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash va kasbiy rivojlantirish tizimi takomillashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish, zamonaviy klinikalar va diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur o‘zgarishlar tibbiyot va farmatsevtika sohasi uchun kadrlar tayyorlashni ham zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Shu bois, tibbiy ta’limni nazariy bilim berishdan kompetensiya va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, mutaxassisning bilim va malakasini xolis baholash hamda uning butun mehnat faoliyati davomida kasbiy rivojlanib borishini ta’minlaydigan yaxlit tizim yaratish maqsad qilingan.
Taqdimotda, avvalo, tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari ko‘rib chiqildi. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.

Endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yo‘nalishlar kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2027/2028 o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik ta’limdan keyin talabalar bir yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oilaviy tibbiyot bo‘yicha kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida o‘qishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.
O‘rta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Oliy ma’lumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin ko‘makchi sifatidagi o‘rni oshiriladi.

Farmatsevtika ta’limi ishlab chiqarish bilan yanada yaqin bog‘lanadi. Korxonalar ehtiyoji asosida dual ta’lim kengaytirilib, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish, talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, sifat nazorati va standartlashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarga jalb qilish belgilanmoqda.
Taqdimotning keyingi qismi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etishga bag‘ishlandi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.
Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning ta’limi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Baholash bosqichma-bosqich – fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik bo‘yicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat ro‘yxatiga kiritilgan oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama to‘lash taklif etildi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Zamonaviy tibbiyotda diagnostika va davolash usullari, dori vositalari va texnologiyalar tez yangilanib borayotgani bois, mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish muhimligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yangi uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi joriy etiladi. Ta’lim provayderlari va dasturlari akkreditatsiyadan o‘tkazilib, jarayonlar raqamlashtiriladi.
Tizim kredit-modul tamoyiliga asoslanadi. Oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit to‘plashi belgilanmoqda. Ushbu kreditlar davlat ro‘yxatidan o‘tish va kasbiy malakani tasdiqlashda hisobga olinadi.
Mutaxassisga ta’lim provayderi, dastur va o‘qish shaklini mustaqil tanlash huquqi beriladi. An’anaviy va masofaviy ta’lim, onlayn kurslar, ish joyida malaka oshirish, seminar va treninglar kabi turli shakllardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy dastur va tadbirlarda olingan kreditlarni O‘zbekistonda tan olish mexanizmi ham joriy etiladi.
Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazini tashkil etib, unga ta’lim sifati, provayderlar va dasturlar akkreditatsiyasi, zamonaviy standartlarni joriy etish vazifalarini yuklash taklif qilindi.
Kasbiy ta’lim dasturlarida aholi orasida eng ko‘p uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklarga ustuvor e’tibor qaratiladi. Kardiologiya, shoshilinch tibbiy yordam va onkologiya yo‘nalishlarida yetakchi xorijiy hamkorlar bilan zamonaviy dasturlar ishlab chiqiladi.
Prezidentimiz tibbiy ta’lim, mustaqil baholash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va uzluksiz kasbiy rivojlanishni o‘zaro bog‘langan yagona tizim sifatida shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga yangi tartiblarni bosqichma-bosqich joriy etish, xalqaro standartlarni keng tatbiq qilish hamda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, eng avvalo, tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini oshirishga xizmat qilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.