Tub o‘zgarishlar davri
2016-yil 8-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. 2016-yil 4-dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga bo‘lgan saylovda 88,61 foiz ovoz bilan g‘olib chiqdi va Prezident etib saylandi. 2016-yil 14-dekabr kunidan rasman lavozimga kirishdi.
O‘sha paytlar ko‘pchiligimiz yangi rahbar xalqqa nima bera olarkan deb o‘ylab, ming turli xayollarga borganmiz. Lekin Shavkat Mirziyoyev vaqtincha Prezident sifatida dastlabki qadamlarini qo‘ya boshlashi bilan, 2016-yilgacha bo‘lgan davrda farovon yashash umidi so‘ngan xalqimizda yana shirin orzular uyg‘ona boshladi.
Chunki Shavkat Mirziyoyev Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga saylanishi bilan darhol viloyatlarga chiqib, oddiy xalq vakillari, turli kasb egalari bilan bevosita muloqotda bo‘lib, joylardagi yutuq va kamchiliklar, mavjud muammolar bilan yanada kengroq tanisha boshladi, odamlarning fikr-mulohazalarini tingladi. Saylov kampaniyasida Prezidentlikka da’vogar sifatida saylovchilar oldiga butunlay yangi va xalqchil dastur bilan chiqdi.
Saylovoldi dasturi va xalq bilan bo‘lgan bevosita uchrashuvlarda aholi bildirgan takliflar asosida Prezident rahbarligida “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” va uning doirasida 2017-yil uchun “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ishlab chiqildi. Ya’ni xalq Harakatlar strategiyasi va 2017-yil uchun Davlat dasturining haqiqiy ijodkori, hammuallifi bo‘ldi, ularni yaratishda bevosita ishtirok etdi. Shu paytga qadar uni aralashtirmasdan davlat o‘zi bilganicha qarorlar qabul qilishiga o‘rganib qolgan xalqimiz uchun bu juda katta yangilik bo‘ldi!
Xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini tiklash o‘ta muhim edi...
Ha haqiqatdan ham, xalqning 2016-yilgacha bo‘lgan davrda davlatga nisbatan yo‘qotilgan ishonchini qayta tiklash o‘ta muhim vazifa edi. Shu bois Yangi O‘zbekistonda “Hamma narsa inson uchun, uning qadr-qimmati uchun” g‘oyasi davlat siyosatining bosh mezoni sifatida belgilandi.
Mamlakatimizda 2017-yilda jamoat ishonchini tiklash borasidagi eng muhim tadbir yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi va bu borada maxsus Davlat dasturi qabuli qilinishi bo‘ldi.
Ishonchni qayta qozonish borasida xalq bilan davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish juda muhim edi. Buning uchun dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Bu tizim aholining yillar davomida to‘planib qolgan muammolarini tezkor hal etish orqali davlatga bo‘lgan ishonchini keskin oshirdi.
Узоқ yillar davomida xalqning davlat idoralaridan ajralib qolganligi, vazirlik va idoralar aholi manfaatlari bilan hisoblashmasdan ishlaganligi tufayli ularga murojaatlar soni juda ko‘p bo‘ldi. Jumladan, 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga jismoniy va yuridik shaxslardan 1,4 milliondan ortiq murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 1 million 338 mingi mazmunan hal etildi, 919 mingdan ko‘prog‘i qanoatlantirildi va 418 mingdan ortig‘i bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalarning ahamiyati juda katta bo‘ldi. Avvalo, ular xalq bilan davlat organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi. Natijada har bir fuqaro o‘z muammosini byurokratik to‘siqlarsiz eng yuqori rahbariyatga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi. Qabulxonalar o‘sha paytga qadar to‘planib qolgan muammolarning yechimini tizimli ravishda hal qila boshladi. Uzoq yillardan beri bajarilmay yotgan minglab masalalar ijobiy hal etildi. Ijro nazorati kuchaydi. Ya’ni ariza va shikoyatlar bilan ishlashda vazirlik va idoralarning mas’uliyati keskin oshirildi, qonunbuzilish holatlari uchun shaxsiy javobgarlik belgilandi.
Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘lga qo‘yildi
2017-yil 22-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilk bor Oliy Majlisga Murojaatnoma bilan chiqdi. O‘sha yildan mamlakatimiz hayotiga kiritilgan Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasining ahamiyati juda katta. Avvalo, Prezident Murojaatnomasi – mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi eng muhim strategik va dasturiy hujjat hisoblanadi.
Chunki unda yaqin istiqbolda va uzoq muddatda mamlakat ichki va tashqi siyosatining eng asosiy vazifalari ko‘rsatib beriladi, hujjatda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar asosida kelgusi yil uchun davlat dasturi, qonun hujjatlari, tarmoq va hududiy strategiyalar ishlab chiqiladi. Mamlakatda dolzarb bo‘lgan sohalarni huquqiy tartibga solish uchun muhim qonunchilik tashabbuslari ilgari suriladi.
Murojaatnoma ijro hokimiyati, davlat organlari va mansabdor shaxslar uchun ulkan mas’uliyat yuklaydi. Aholiga, xalqaro hamjamiyatga va investorlarga O‘zbekistonning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq ko‘rsatib beruvchi shaffof va ochiq platforma vazifasini o‘taydi, boshqaruvning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi
Davlat organlariga jamoat ishonchini tiklashda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining tubdan yangilanishi inqilobiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ya’ni fuqarolarning davlat idoralari bilan muloqotini osonlashtirish maqsadida Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.
Natijada avval o‘nlab tashkilot va idoralarda bir necha oylar davomida yelib-yugurib bajaradigan ishlarni aholi endi Davlat xizmatlari agentligining “yagona darcha”larida, ya’ni bitta joyda va qisqa fursatlarda hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu bilan korrupsiyaviy xavf-xatarlar bartaraf etilib, hujjatlashtirish jarayonlari maksimal darajada soddalashtirildi.
“Yagona darcha” tamoyili hujjatlarni rasmiylashtirishda shaffoflik va tezkorlikni ta’minladi. Masalan, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziya olish va ijtimoiy nafaqalar tayinlash jarayoni bir necha kundan bir necha daqiqagacha qisqardi.
Bu yangilik tufayli aholining davlat organlaridan rozilik darajasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Ya’ni davlat xizmatlarining sifati oshishi va bajarish muddatlari qisqarishi aholining hokimiyat tizimiga bo‘lgan ishonchini qisqa muddatda tikladi va yuqori bosqichga olib chiqdi.
Ommaviy axborot vositalari xalqqa yuz tutdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yildanoq fuqarolarga hamma jabhalarda va har qanday darajada ochiq muloqot qilish hamda ommaviy axborot vositalarining erkinligini ta’minlash borasida tub o‘zgarishlarni amalga oshira boshladi, OAVning tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga chiqishiga juda katta e’tibor qaratdi.
Bu borada erishilgan eng katta yutuqlardan biri senzura tizimining tugatilgani bo‘ldi. Ya’ni 2017-yilgacha O‘zbekiston media makonida amal qilgan mutlaqo yopiqlik va senzura muhiti bekor qilindi. Uning o‘rniga sog‘lom va ochiq bahs-munozaralar muhiti yaratildi.
Prezidentning bevosita shaxsiy tashabbusi va rahbarligida jamiyatda matbuotga va unda ishlaydigan xodimlarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgartirildi. OAV jamiyatdagi mavjud real muammolarni, ijro hokimiyatining, tashkilot va idoralarning, rahbarlarning kamchiliklarini va korrupsiya holatlarini qo‘rqmasdan yoza boshladi. Hokimiyat vakillari ommaviy axborot vositalarining chiqishlariga va ularga murojaatlariga alohida e’tibor bilan qaray boshlashdi.
O‘zbekistonda xalqaro tajribadan foydalangan holda milliy media-markazlar tashkil etildi va ular jamiyat hayotida muhim rol o‘ynay boshladi. Jumladan, Xalqaro press-klub (XPK) kabi jonli efirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib boruvchi platformalar ochildi. XPKda katta rahbarlar, vazirlar va hokimlar xalq qarshisida savollarga ochiq javob berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Avvalgi davrda axborotni erkin olish huquqi yo‘q edi. Bu huquq tiklandi. 2016-yilgacha bo‘lgan davrda texnik jihatdan yopib tashlangan xorijiy va mahalliy axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati yana qaytadan yaratildi.
Blogerlik harakati kuchayishi uchun davlat tomonidan zarur sharoitlar yaratildi. Natijada ular jamiyat hayotidagi faol nazoratchi kuchga aylandi, ularning chiqishlari davlat organlari tomonidan tezkorlik bilan o‘rganilib, munosabat bildirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Qarorlarni tayyorlashda xalq ishtirok eta boshladi
Barkamol jamiyat qurishda fuqarolarning erkin fikr bildirishini ta’minlashning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Davlat qarorlarini tayyorlash va qabul qilishda keng xalq ommasining ishtirok etishining ahamiyati juda katta.
Shu bois 2017-yildan boshlab boshlab jamoatchilik nazorati faoliyatini tubdan qayta tashkil etish boshlandi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy asosi yangidan ishlab chiqildi, faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratildi, ular ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda davlatning asosiy sherigi sifatida e’tirof etildi.
To‘g‘ri, tan olish kerakki, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish portali (regulation.gov.uz) 2015-yildayoq ishga tushirilgan edi. Lekin mazkur portalning borligini ko‘pchilik bilmas, bilganlar ham unga ishonmas va murojaat qilmasdi. Chunki bu befoyda ish bo‘lib, bu portal ko‘zbo‘yamachilik uchun nomigagina tashkil qilingandi. Ya’ni normativ hujjatlar tayyorlash va ularni muhokama qilishda xalq ishtirok etmas edi. Hamma bunga allaqachon ko‘nikib bo‘lgan va bu oddiy bir holga aylanib qolgandi.
Shu bois 2017-yilda mazkur kamchilikni to‘g‘rilash uchun tegishli tayyorgarlik qilindi va 2018-yilning 24-iyul kuni portalning tubdan yangilangan va keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan yangi varianti ishga tushirildi. Shu tariqa, fuqarolar tayyorlanayotgan normativ hujjatlar loyihalariga taklif kiritish va qonun mazmuniga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mahalla tizimi faoliyati yangi bosqichga chiqdi
Jamiyatimizda mahalla instituti qadimdan mavjud bo‘lib, u o‘zini o‘zi boshqarish tizimining uzoq vaqt sinovlarida toblangan, sayqallangan o‘ziga xos tizimi hisoblanadi.
2017-yildan boshlab, mahallalarning jamiyatdagi o‘rni yanada kuchaytirildi, mahalla instituti ijtimoiy himoyani tashkil qilish va aholini manzilli qo‘llab-quvvatlashda markaziy o‘ringa chiqa boshladi. Mahalla raislari va faollariga hududdagi kam ta’minlangan oilalar, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha keng vakolatlar berildi.
Davlat idoralari bilan hamkorlik qilishda ham ularning roli oshirildi. Jumladan, mahallalar hududiy ichki ishlar, bandlik va sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatini baholovchi muhim jamoatchilik nazorati bo‘g‘iniga aylantirildi.
Sud-huquq va inson huquqlarini himoya qilish tizimi tubdan o‘zgardi
2017-yildan boshlab sud-huquq tizimi va inson huquqlarini himoya qilishda ham tub o‘zgarishlar amalga oshirish sari yo‘l tutildi. Ya’ni sud mustaqilligini ta’minlash va adolat mezonlarini tiklash ishlari boshlandi. Bu sohadagi islohotlar ham inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga yo‘naltirildi.
Ko‘p yillar davomida deyarli kuzatilmagan oqlov hukmlari chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Yuzlab fuqarolar nohaq ayblovlardan xalos etilib, ularning sha’ni va huquqlari tiklandi. Qonunsiz dalillardan voz kechish boshlandi. Tergov jarayonida qiynoqlar yoki bosim ostida olingan dalillarni sudda tan olmaslik tartibi joriy etildi.
Dalillarni soxtalashtirganlik (qalbakilashtirganlik) uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi. Tergov hibsxonalari (SIZO) va maxsus qabulxonalarni videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash majbur etib qo‘yildi. Advokatlarga jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqi berildi, bu dalillar sud tomonidan majburiy tekshirilishi shart qilib qo‘yildi.
2017-yildan mamlakatimizda ijtimoiy bag‘rikenglik va “qora ro‘yxat”larning bekor qilinishi boshlanganligi davlatning o‘z fuqarolariga nisbatan ishonchini tiklovchi eng katta qadamlardan biri bo‘lib tarixga kirdi.
Ijtimoiy va diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida diniy-ekstremistik oqimlarga adashib kirib qolgan fuqarolarni maxsus nazorat, ya’ni xalq tilidagi “qora ro‘yxat”lardan chiqarish jarayoni 2017-yilda boshlandi. Shu yilning o‘zida ro‘yxatda turgan 17 mingga yaqin shaxsdan 16 ming nafari nazoratdan chiqarildi.
Diniy sohadagi cheklovlar yumshatildi, diniy ta’lim va ibodat qilish erkinliklari kengaytirildi, bu esa jamiyatda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamladi. Inson huquqlari va xalqaro standartlarga mos ravishda penitensiar tizim tubdan isloh qilina boshlandi.
Iqtisodiyot va valyuta siyosatini erkinlashtirish boshlandi
Aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini tiklash, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash sohasida amalga oshirilgan inqilobiy o‘zgarishlardan biri iqtisodiy erkinlik va valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘ldi.
2017 yildan boshlab tadbirkorlar uchun ulkan erkinliklar berildi. Jumladan, tadbirkorlar xomashyo va zamonaviy texnologiyalarni xorijdan hech qanday sun’iy to‘siqlarsiz sotib olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va soliq islohotlari ham aholining davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini tiklashga ulkan hissa qo‘shdi. Jumladan, tekshirishlarga moratoriy o‘rnatildi. Ya’ni tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini asossiz tekshirishlar to‘xtatildi. Korrupsiya o‘chog‘i bo‘lgan rejadan tashqari tekshiruvlar bekor qilindi. Bojxona va soliq tizimi soddalashtirildi. Eksport-import amaliyotlari uchun talab etiladigan hujjatlar soni qisqartirildi. “Yashil yo‘lak” tizimlari joriy etilib, tashqi savdo aylanmasi bir necha baravarga o‘sishi ta’minlandi.
2017-yil 5-sentabrdan so‘mning konvertatsiyasi boshlandi. Bu tadbir aholining davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini tiklashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki chet el valyutasini sotib olish va sotishdagi uzoq vaqt hukm surgan noo‘rin cheklovlar tugatildi. Investitsiyaviy jozibadorlik oshdi. Xorijiy investorlar uchun foydani erkin repatriatsiya qilish (o‘z yurtiga olib chiqish) imkoniyati yaratildi, bu esa mamlakatga xorijiy kapital oqimini keskin oshirdi.
Tashqi siyosat inson manfaati tomon o‘zgardi
Aholining davlatga nisbatan ishonchini tiklash borasida amalga oshirilgan tub burilishlardan yana biri tashqi siyosat sohasida amalga oshirildi. Ya’ni O‘zbekistonda uzoq yillar davomida amal qilgan “yopiq tizim”ni bekor qilish va “dunyoga yuz ochish” jarayoni ham aynan 2017-yildan boshlandi.
Bu esa aholi uchun kundalik hayotda, sayohatda, tadbirkorlikda va mehnat faoliyatida juda katta qulayliklar yaratdi. Jumladan, chegaralar ochildi va hamma uchun davlatlararo erkin harakatlanish imkoniyatlari yaratildi.
Xorijga chiqish va viza tizimi soddalashtirildi. Jumladan, xorijga chiqish ruxsatnomasi (qizil stiker) bekor qilinib, zamonaviy xorijga chiqish biometrik pasporti (qizil pasport) joriy etildi. Vizasiz borish mumkin bo‘lgan davlatlar soni ortdi. Ya’ni O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlariga vizasiz kirish yoki soddalashtirilgan elektron viza olish tizimlari yo‘lga qo‘yildi.
Tashqi siyosatda juda katta e’tibor qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratildi. Buning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yaqin qo‘shnichilik” doktrinasini ilgari surdi. Bu qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarning kuchayishi ham bu davlatlar aholisi uchun juda katta foydali bo‘ldi. Jumladan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yillar davomida yopiq bo‘lgan chegara postlari ochildi. Millionlab insonlar o‘z qarindoshlarini ziyorat qilish, erkin harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, 2017-yilda amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini butunlay o‘zgartira boshladi.
Inqilobiy xarakterga ega bo‘lgan Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va uning izchillik bilan amalga oshirilishi strategik xususiyatga ega bo‘lgan inqilobiy yangilanishlar davrini boshlab berdi. Natijada nainki mamlakatimizning, balki xalqimizning dunyoqarashi ham o‘zgarib, xalqning davlat organlariga yo‘qolgan ishonchi yana qaytadan tiklana boshlandi.
2017-yilda boshlangan tub islohotlar fuqarolarning mamlakati va o‘z taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yaratib, jamiyatni uzoq yillik uyqudan uyg‘otdi. O‘zbekistonning demokratik, huquqiy va iqtisodiy rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi uchun yo‘l ochdi, u inson qadri ulug‘langan, fuqarolik ovozi taraqqiyot kuchiga aylangan va xalqning davlatiga ishonchi qayta tiklangan davri boshlangan yil sifatida tarixga muhrlandi.
Odil Olimjonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi bosh ilmiy xodimi, iqtisodiyot
fanlari doktori, professor