Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligidagi ishchi guruh respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oyligining ikkinchi bosqichi doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Jumladan, vazir Urgut tumanidagi bozor va savdo markazlari, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlar, joylarda olib borilayotgan profilaktika tadbirlari bilan tanishib, aholi va mas’ullar bilan suhbatlashdi.


Shuningdek, ishchi guruh Samarqand shahrida tungi vaqtda ichki ishlar organlari xizmat faoliyatini ham o‘rgandi.
***
Toshkent shahrida mezbonlik qilayotgan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi (ICHO-2026) boshqaruv qo‘mitasi a’zolari, jamoalar rahbarlari, kuzatuvchilari hamda xorijlik mehmonlar Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Mehmonlar Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarda bo‘lib, ularning bunyod etilish tarixi, ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Bu yilgi 58-Xalqaro kimyo olimpiadasida dunyoning 90 dan ortiq davlatidan kelgan 1000 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etmoqda.
***
Yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq kunlarida viloyat tuman va shaharlaridagi markaziy ko‘chalar, bog‘ va xiyobonlar, yashil hududlarga suv sepish, tongda va tungi paytda daraxtlar, maysalarni sug‘orish ishlarini olib borilmoqda.


Buning uchun ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarma, bo‘limlariga tegishli transport vositalari bilan birga obodonlashtirish, favqulodda vaziyatlar bo‘limlari va boshqa tashkilotlarning maxsus texnikalari ham jalb etilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri