O‘zbek shoirasi Kolumbiyada bo‘lib o‘tayotgan xalqaro she’riyat festivalida ishtirok etmoqda
Kolumbiyaning Medelin shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro she’riyat festivalida O‘zbekiston vakili, taniqli shoira Xosiyat Rustamova ma’ruzasi va she’rlari xalqaro adabiy jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan shoir va adiblar ishtirok etayotgan mazkur nufuzli anjumanda Xosiyat Rustamova ma’ruzasi «Adabiyotning ham qiblasi bor» deb nomlandi. Ma’ruzada adabiyotning yuksak ma’naviy mas’uliyati, uning inson qalbini ezgulik, adolat va tinchlik sari boshlaydigan qudrati haqida fikr yuritildi. Ta’kidlanganidek, adabiyot hech qachon nafrat va vayronagarchilikka xizmat qilmasligi, uning haqiqiy qiblasi inson qadri, vijdon va ma’naviyat ekani bugungi global dunyo uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’ruzadan so‘ng o‘zbek shoirasi tomonidan o‘qilgan she’rlar tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi. Ne-ne daho shoir - yozuvchilarni yetishtirgan Lotin Amerikasi she’r ixlosmandlari hamyurtimizning har-bir chiqishini alohida mamnuniyat bilan karshi oldi.
Bugungi kunda madaniy diplomatiya xalqlar o‘rtasidagi eng samarali muloqot vositalaridan biriga aylanmoqda. She’riyat esa turli tillar va madaniyatlarni birlashtiruvchi umuminsoniy tildir. Shu ma’noda O‘zbekiston va Kolumbiya o‘rtasidagi adabiy muloqot xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Medelin xalqaro she’riyat festivali jahondagi eng nufuzli she’riyat anjumanlaridan biri bo‘lib, u o‘ttiz yildan ziyod vaqtdan buyon tinchlik, erkin fikr va xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik g‘oyalarini targ‘ib etib kelmoqda.
O‘zbekiston vakili sifatida Xosiyat Rustamovaning ushbu xalqaro anjumandagi ishtirok va chiqishlari milliy adabiyotimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zA