Nasldor chorva — farovonlik omili
Davlat rahbari tashabbusi bilan yaratilgan bojxona imtiyozlari chorvachilikni rivojlantirish, naslchilik salohiyatini oshirish va tadbirkorlar imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Chorvachilik — dasturxonimiz to‘kinligi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlaydigan muhim tarmoq. Uning taraqqiyoti esa, avvalo, sermahsul chorva mollari, mustahkam ozuqa bazasi, ilg‘or texnologiyalar va tadbirkor uchun qulay iqtisodiy muhitga bog‘liq. Bugun yurtimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ayniqsa, xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni olib kirishda tadbirkorlarga berilayotgan bojxona imtiyozlari chorvachilikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda. Bu shunchaki soliq yengilligi emas, balki chorvachilikda zamonaviy naslchilikni rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan amaliy qo‘llab-quvvatlashdir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-maydagi “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan xorijiy davlatlardan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni O‘zbekistonga olib kirishda 2029-yil 1-yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish belgilangan. Mazkur tashabbus chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar uchun moliyaviy yukni kamaytirish, naslchilikka ilg‘or genetik imkoniyatlarni jalb qilish va tarmoqni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
E’tiborlisi, qarorning amaliy samarasi raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Hozirga qadar 36 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan xorijdan olib kelingan jami 3723 bosh nasldor qoramol, qo‘y va echki uchun 18,2 milliard so‘mlik bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan.


Bu raqamlar zamirida tadbirkorlarning tejalgan mablag‘lari, xo‘jaliklarning kengayish imkoniyatlari, naslchilik sifatining yaxshilanishi va kelgusidagi ishlab chiqarish o‘sishi mujassam. Zero, tadbirkorning zimmasidagi moliyaviy yuk qanchalik yengillashsa, uning ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatlari shunchalik kengayadi. Bunda bojxona organlarining vazifasi ham alohida ahamiyatga ega. Imtiyozlarni qonunchilik talablari asosida qo‘llash, tadbirkorlarga ulardan foydalanish tartibini tushuntirish, hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi va bojxona jarayonlarining belgilangan talablar asosida tashkil etilishi import operatsiyalarining tezkor hamda samarali amalga oshirilishiga yordam bermoqda.
Buxoro viloyatida ham chorvachilikni rivojlantirish, nasldor mollar sonini ko‘paytirish va xo‘jaliklarning iqtisodiy salohiyatini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalliy tadbirkorlarning xorijdan sermahsul zotlarni olib kelayotgani tarmoqdagi yangilanishlar va berilgan imkoniyatlarga bo‘lgan amaliy munosabatni ko‘rsatadi.
Bojxona qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i H. Tangriyevning viloyatdagi chorvachilik xo‘jaliklariga tashrifi ham ana shu jarayonlarning borishi, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar va mavjud imtiyozlardan foydalanish amaliyoti bilan yaqindan tanishishga qaratildi.
Jumladan, Romitan tumanidagi “Hamro To‘xta” hamda Buxoro tumanidagi “Sultonsherjahon” fermer xo‘jaliklari joriy yilda Avstriyadan havo transporti orqali qariyb 80 bosh “Simental” va “Shved” zotlariga mansub nasldor qoramol olib keldi. Ushbu import operatsiyalari doirasida 540 million so‘mdan ziyod bojxona imtiyozlari qo‘llanildi.


Buning ahamiyati shundaki, nasldor mollarni xarid qilish va ularni xo‘jalikka olib kelish katta mablag‘ talab etadi. Imtiyozlar esa tadbirkorning xarajatlarini qisqartirib, tejalgan mablag‘larni chorva mollarini parvarishlash, oziqlantirish sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Kogon tumanidagi “Imperial Nasl” fermer xo‘jaligi faoliyati ham bu borada e’tiborga molik. Xo‘jalik tomonidan Angliyadan 165 bosh “Simental” zotiga mansub nasldor qoramol olib kelingan. Mazkur chorva mollari uchun 1 milliard 44 million so‘mdan ziyod bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan. Birgina xo‘jalik misolida ham imtiyozning iqtisodiy ahamiyatini anglash mumkin. Chunki nasldor mollar — bu faqat bugungi ishlab chiqarish vositasi emas, balki kelgusi yillarda sut va go‘sht yetishtirish hajmini oshirish, mahsulot tannarxini maqbullashtirish va xo‘jalik daromadlarini ko‘paytirish uchun asosdir. Albatta, yuqori natijaga erishish nasldor mollarni xarid qilishning o‘zi bilangina cheklanmaydi. Ularning genetik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sifatli ozuqa, veterinariya xizmati, munosib saqlash sharoiti, malakali mutaxassislar va zamonaviy boshqaruv usullari ham zarur. Shu bois bojxona imtiyozlarini tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan boshqa choralar bilan uyg‘unlashtirish muhimdir.
Chorvachilikdagi har bir ijobiy o‘zgarishning ta’siri bir xo‘jalik doirasidan ancha kengroq. Nasldor mollar sonining ortishi va mahsuldorlikning yaxshilanishi bozorda sut hamda go‘sht mahsulotlari taklifini ko‘paytirishga, qayta ishlash korxonalari uchun xomashyo bazasini mustahkamlashga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va qishloq aholisining daromadlarini oshirishga zamin yaratadi. Eng muhimi, tadbirkorga berilgan imkoniyat aniq iqtisodiy natijaga aylanishi kerak. Buning uchun imtiyozlardan samarali foydalanish, tejalgan mablag‘larni ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo‘naltirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va mahsulot sifatini muntazam oshirib borish talab etiladi.


Bojxona organlarining tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishi, ularning faoliyati bilan joyida tanishishi va imtiyozlarni qo‘llash tartibini tushuntirishi ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. Bunday hamkorlik tadbirkorning huquqiy xabardorligini oshirish, rasmiylashtirish jarayonlaridagi ortiqcha qiyinchiliklarni kamaytirish va qonuniy tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
Buxoro viloyatidagi fermer xo‘jaliklari misolida ko‘rinib turibdiki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan bojxona imtiyozlari chorvachilikni rivojlantirish uchun amaliy iqtisodiy imkoniyat yaratilmoqda. 36 ta tadbirkorlik sub’ektiga qo‘llanilgan 18,2 milliard so‘mlik imtiyozlar, shuningdek, viloyatdagi xo‘jaliklar tomonidan xorijdan nasldor mollarni olib kirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar buning yaqqol ifodasidir. Biroq asosiy natija faqat imtiyoz miqdori bilan emas, balki uning qanchalik samarali ishlatilishi, mahsuldorlikning oshishi, ishlab chiqarish hajmining kengayishi va aholi dasturxoniga sifatli mahsulotlar yetib borishi bilan o‘lchanadi. Zero, nasldor chorva — sermahsul ishlab chiqarish, sermahsul ishlab chiqarish — farovon xo‘jalik, farovon xo‘jalik esa mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligining muhim tayanchidir. Bugun tadbirkorga yaratilayotgan qulayliklar ertangi kunning mustahkam iqtisodiy poydevoriga aylanishi aynan shu jihatdan katta ahamiyatga ega.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri