Qashqadaryoda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasida eksportyor va importyor tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda bojxona sohasidagi islohotlar, tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.
Tadbirda viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i N. Hashimova, mas’ul xodimlar, hamkor tashkilotlar vakillari hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari qatnashdi.
Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-son farmoni mazmun-mohiyati tushuntirildi. Hujjatda bojxona tizimini raqamlashtirish, inson omilisiz rasmiylashtiruvni kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Belgilangan maqsadlarga ko‘ra, 2030-yilga qadar inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ulushini 60 foizga, bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 4,4 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini ikki barobar qisqartirish va tadbirkorlarning bojxona organlariga ishonchini mustahkamlash ustuvor vazifalar etib belgilangan.

Ochiq muloqotda “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar va tadbirkorlar uchun nazarda tutilgan yengilliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, invoys asosida import operatsiyalarida oldindan to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgani, eksport tushumining kamida 50 foizini ta’minlash talabi bekor qilingani hamda milliy valyutada qarzga eksport qilishga ruxsat berilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, eksportda bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya xizmatlari va tovarning kelib chiqish sertifikatini olish bilan bog‘liq yig‘imlar hamda to‘lovlarni 30 foizga kamaytirish belgilangani qayd etildi.

Muloqot davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, taklif va mulohazalarini bildirdi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ul xodimlar tushuntirishlar berdi.
Bunday uchrashuvlar tadbirkorlarning muammolarini joyida o‘rganish, ularga amaliy yechim topish va bojxona sohasidagi yangiliklar haqida ma’lumot berish orqali tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada qulaylashtirishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri