Yangi Toshkent — ekologik barqaror shahar
Yangi Toshkent mamlakatimizdagi eng yirik va zamonaviy megaloyiha, ekoshahar bo‘lib, u poytaxtdagi tirbandlikni kamaytirish hamda yangi ma’muriy, ishbilarmonlik va madaniy markaz barpo etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentga tashrif buyurib, bu yerda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashdi. Shu bilan birga, bir qator ob’ektlarni foydalanishga topshirish va yangilarining qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi.
— Yangi Toshkent mamlakatimiz tarixidagi eng yirik shaharsozlik loyihalaridan biridir, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva. — Zamonaviy, xavfsiz va ekologik barqaror shahar sifatida barpo etilayotgan ushbu maskan zamonaviy texnologik yechimlarga asoslangani bilan yanada ahamiyatli. Hududda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etilishi, “yashil qurilish standartlari” asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinishi rejalashtirilgani aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish, ekologik muvozanatni saqlash hamda shaharning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
E’tibor beradigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, zamonaviy turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr barpo etildi. Shuningdek, umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 7 ob’ektning ishga tushirilishi hududni rivojlantirish yo‘lidagi muhim natijalardan biri bo‘ldi.
Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar ham alohida e’tiborga loyiq. Jumladan, Turkiyaning “MIMSAN” kompaniyasi ishtirokida barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu kabi zamonaviy texnologiyalar energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi.
Bu hali hammasi emas. Yangi Toshkentda 18 kilometr avtomobil yo‘li barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya hamda 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometr uzunlikdagi “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etildi. “Sharq bahori” turarjoy majmuasining birinchi bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi. Albatta, bunday infratuzilma ob’ektlari aholi uchun qulaylik yaratish, harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadam. Zero, bunday yirik loyihalar nafaqat poytaxtimiz, balki butun mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va xalqimiz turmush farovonligini oshiradi, — deydi deputat.
Darhaqiqat, Yangi Toshkent yaqin kelajakda ekologik barqaror, yashil taraqqiyotga asoslangan shahar sifatida yurtimiz qiyofasida alohida o‘ringa ega bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA