Murojaatdan amaliy yechimga: SQBda aholi bilan muloqot qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Toshkent viloyatida O‘zsanoatqurilishbank mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan biri o‘z biznes g‘oyasini amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Uning masalasi uchrashuv davomida ijobiy hal etildi. Bugun u tadbirkorlik faoliyatini boshlab, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bu aholi bilan bevosita muloqotning amaliy samarasini ko‘rsatuvchi misollardan biridir. Muhimi, fuqaro o‘z masalasi yuzasidan nafaqat tushuntirish, balki aniq yechim oldi.
Aslida, har bir murojaat ortida muayyan ehtiyoj yoki hal etilishi zarur bo‘lgan muammo turadi. Kimdir tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun moliyaviy ko‘makka muhtoj bo‘lsa, boshqa bir fuqaroni kredit to‘lovlari yoki bank xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masala o‘ylantiradi. Shu bois murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, muammolarning sababini aniqlash va amaliy choralar ko‘rish muhim ahamiyatga ega.
Muloqot samaradorligi – ustuvor vazifa
Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zsanoatqurilishbank tizimida aholi va tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, takrorlanayotgan muammolarning sabablarini o‘rganish va ularni bartaraf etishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Bu borada sayyor qabullar va ochiq muloqotlar muhim o‘rin tutadi. Chunki bunday uchrashuvlar fuqarolarni qiynayotgan masalalarni bevosita eshitish, ularga joyida tushuntirish berish va imkoniyat doirasida yechim topishga xizmat qiladi.
To‘qqiz oyda qancha murojaat?
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zsanoatqurilishbankka jismoniy va yuridik shaxslardan 2 500 dan ortiq murojaat kelib tushdi.
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Toshkent shahrida qayd etildi – 684 ta. Shuningdek, Toshkent viloyatidan 222 ta, Surxondaryo viloyatidan 165 ta murojaat yo‘llangan.
Murojaatlar tahlili kredit mablag‘larini ajratish va kredit to‘lovlari bilan bog‘liq masalalar asosiy o‘rin egallayotganini ko‘rsatmoqda.
Bankda har bir murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, ko‘tarilgan masala yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bunda faqat alohida murojaatga javob berish emas, balki o‘xshash muammolarning takrorlanishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash ham muhim. Zero, bir fuqaro duch kelgan muammo boshqa mijozlarda ham uchrashi mumkin. Uni keltirib chiqargan sababni bartaraf etish esa murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshiradi.
Tanqidiy fikrlar ham e’tibordan chetda emas
Bugun fuqarolar o‘z fikr va e’tirozlarini bankka bevosita murojaat qilish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham bildirmoqda. Bunday chiqishlar bank xizmatlaridagi ayrim masalalarni aniqlash va ularga o‘z vaqtida munosabat bildirishda muhim axborot manbai hisoblanadi.
O‘zsanoatqurilishbank ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan tanqidiy murojaatlarni ham muntazam o‘rganib bormoqda. Aniqlangan holatlar tegishli bo‘linmalar ishtirokida ko‘rib chiqilib, jamoatchilikka rasmiy tushuntirishlar taqdim etilmoqda.
Masalan, sentabr oyining oxirida ijtimoiy tarmoqlarda «SQB Plus» xizmatlar paketi uchun bank kartalaridan 35 ming so‘m yechilayotgani yuzasidan e’tirozlar bildirildi. Mazkur masala bank mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, ushbu to‘lovning mazmuni va xizmatlar paketidan foydalanish shartlari yuzasidan qisqa muddatda rasmiy munosabat e’lon qilindi.
Bu kabi holatlar mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari shartlarini sodda, aniq va tushunarli yetkazish qanchalik muhimligini ham ko‘rsatadi.
Asosiy mezon – murojaatning amaliy yechimi
Murojaatlar bilan ishlashda ularni belgilangan muddatda ko‘rib chiqish bilan birga, qabul qilingan choralarning samaradorligi ham muhim.
Shu maqsadda bankda murojaatlarni ko‘rib chiqish sifati va muddatlariga rioya etilishi doimiy nazorat qilinadi. Takroriy murojaatlarning oldini olish, sayyor qabullarni davom ettirish va raqamli kanallar orqali murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent viloyatidagi sayyor qabulda o‘z biznesini boshlash uchun ko‘mak so‘ragan fuqaroning bugun tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgani ana shunday muloqotning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Chunki murojaatga berilgan javobning ahamiyati faqat rasmiy xat bilan emas, balki fuqaro hayotidagi o‘zgarish bilan ham o‘lchanadi.
O‘zsanoatqurilishbank uchun aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini xolis o‘rganish va qonuniy yechim topishga ko‘maklashish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Bank axborot xizmati
Reklama huquqi asosida