Namangan shahri Ginnes rekordlar kitobida (+video)
Azaldan mehr-oqibat, ezgulik va go‘zallik ramzi bo‘lgan gullar inson qalbiga quvonch, atrof-muhitga esa fayzu tarovat bag‘ishlaydi. Gullar inson kayfiyatini o‘zgartiradi. Sevgi, ehtirom va mehr – barchasi bir dasta gulda mujassam.
Namanganda boshlangan 65-xalqaro gullar festivali san’at, tabiat va inson qalbini yagona go‘zallik atrofida jamul-jam etibgina qolmasdan turli millat vakillarini o‘zaro ahillik va birdamlikka chorlamoqda.
Ona tabiat go‘zalligi, do‘stlik, nafosat, madaniyat uyg‘unligini targ‘ib etuvchi ulug‘ ayyomga erta tongdan nafaqat yurtimiz hududlari, balki qo‘shni va MDH mamlakatlari hamda Yevropa-yu Osiyoning ellikka yaqin davlatlaridan minglab insonlar Namangan shahri tomon oshiqdilar.
Yubiley bayram tantanalari vodiyning asosiy havo darvozasi – Namangan xalqaro aeroporti hududidan gullar avtoparadi bilan boshlandi. Unda davlatimiz bayrog‘i bilan bezatilgan yengil avtomobillar, yuk mashinalari, kombayn, traktor, hatto avtokrangacha anvoyi gullarga burkangan 300 dan ziyod transport vositalaridan iborat mashinalar karvoni Islom Karimov shoh ko‘chasidan Temir yo‘l vokzali aylanma yo‘li – Amir Temur – Nodim Namangoniy ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Bobur bog‘i tomon saf bo‘lib yetib keldi. Ayniqsa, turli xil retro mashinalar hamda zamonaviy elektrokarlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Avtoparad o‘tkazilishining zamirida, eng avvalo, Yangi O‘zbekistonda hukm surayotgan odilona siyosat samarasida osudalik va farovonlikning bardavomligi mujassam. Tinchliksevar mamlakatimiz barqarorlik va nafosat ramzi - gullar avtoparadi orqali go‘zallikni butun jahonga tarannum etayotgani e’tirofga molik.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining yonginasidagi katta maydonda bo‘lib o‘tgan rasmiy ochilish marosimida Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Afg‘oniston, Eron, Yaponiya kabi o‘nlab xorijiy davlatlarning diplomatik korpus vakillari, chet el kompaniyalari investorlari, nufuzli mehmonlar, madaniyat va san’at namoyondalari, sayyohlar va keng aholi vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilganlarni yubiley bayrami bilan qutlagan Namangan viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov festivalning ahamiyati va mohiyati haqida to‘xtalar ekan, uning doirasida 150 dan ziyod xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi forumlar, madaniy-ma’rifiy, ommaviy-sport singari tadbirlar o‘tkazilishini ta’kidladi.
Qayd etish o‘rinliki, o‘tgan 2025-yilda festivalga tayyorgarlik jarayonida viloyat bo‘yicha jami 100 million tup gul ko‘chati ekilgan edi. Bu yil esa ushbu miqdor 150 million tupga yetkazildi. Birgina Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bir oy davomida jamoa tomonidan 29 million 600 mingdan ziyod gullar ekildi.
Bunday ulkan loyiha natijasida yana bir tarixiy yutuqqa erishilib, Namangan shahri “Bir oy ichida jamoa tomonidan ekilgan eng ko‘p gul” nominatsiyasi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga rasman kiritildi. Bu zafar namanganliklarning bunyodkorlik, obodonlashtirish, ekologiya va turizm yo‘nalishlaridagi yuksak salohiyatini yana bir karra namoyon qildi.
Festivalning ochilishida ushbu tarixiy muvaffaqiyatni tasdiqlovchi maxsus sertifikatni “Guinness World Records” tashkiloti vakili Sheyda Subasi xonim Namangan viloyati hokimligi rahbariyatiga tantanavor ruhda topshirdi. Shu tariqa Namangan dunyodagi sanoqli shaharlar qatorida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
Darhaqiqat, “Guinness World Records” sertifikati — bu shunchaki hujjat emas, balki bir oy davomida ahil va birdam bo‘lib mehnat qilgan, go‘zallik yaratish yo‘lida birlashgan namanganliklarning ulkan zafari ramzidir. Quvonarlisi shundaki, ona tabiat ham yoqimli salqin havo, maftunkor kamalak jilosi bilan gullar festivali ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlab turdi.
Gullar bayramini keng targ‘ib etish uchun taklif qilingan Eron, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi singari jahonning o‘ndan ortiq mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari va taniqli blogerlar Namanganga kelib, jarayonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib bormoqda.
– Gullar siz ayta olmagan hislarni yetkazadi. Har bir gul – muhabbatdan bitilgan maktub. Bunga yurtingizga, Namanganga ilk tashrifim davomida amin bo‘ldim, – deydi Rossiya Federatsiyasining TASS axborot agentligi muxbiri Darya Xramochkina. – Ochig‘i, xalqaro festivalning ilk kunida bir-biridan ajoyib, rang-barang gullardan hayratlandim, zavq-shavqqa to‘ldim. Albatta, olgan taassurotlarimizni o‘z kuzatuvchilarimizga yetkazamiz.
– Xalqaro gullar festivalida to‘rtinchi bor ishtirok etishim. E’tiborlisi, har yilgi bayram bir-biridan takrorlanmas, yangilik va o‘zgarishlarga boy bo‘ladi. Mana, bu galgi anjumanda eng ko‘p gul ekish bo‘yicha Namangan shahrining Ginnesning rekordlar kitobidan joy olganligi haqidagi sertifikatga ega bo‘lganligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, – deydi Koreya Respublikasining Pusan shahridan kelgan Kim Ju Ok. – Bizda ham gullar bayramiga o‘xshash tadbir o‘tkaziladi, faqat u O‘zbekistondagi kabi xalqaro darajada emas, balki tuman darajasida tashkil etiladi. Mamlakatingizdagi bayram saviyasi jihatidan ancha yuqori, o‘rgansa arziydigan jihatlari ko‘p.
Joriy yildagi unutilmas festivalning har bir kuni mehnatsevar va gulsevar namanganliklar hamda mehmonlar uchun chinakam bayramga aylanishi shubhasiz. Binobarin, gullar shahri nomi bilan yetti iqlimda dovrug‘i taralgan azim Namanganda go‘zallik, qadriyat va muhabbat, hurmatu ehtirom ramzi – gullarga mehr qo‘yilgan. Bahor kelishi bilanoq gulchilar bayram tadorigiga kirishadi. Shodu xurramlik, orastalik va fayzu barakotning muhim omili sifatida har bir ko‘cha, xiyobon, xonadonlargacha chamanzorga burkanadi. Har bir hovli gullar bilan bezatiladi, maxsus tuvaklar va gulzorlarda turfa xildagi gul navlari yetishtiriladi.
Ayni shundan ham 65-xalqaro gullar festivali, eng avvalo, mahallalardan boshlangani bilan avvalgilaridan ajralib turadi. Ya’ni bu yil viloyatdagi mavjud 754 mahallaning barchasi nafosat anjumani ishtirokchisiga aylandi. Ular o‘rtasida "Eng gulzor, eng obod mahalla" ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, festival yakunida g‘oliblar munosib taqdirlanadilar.
Xorijiy mehmonlar viloyat hokimligi mutasaddilari hamrohligida Bobur bog‘i hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parkida ekilgan betakror va maftunkor gul kompozitsiyalaridan zavq olishdi. Qolaversa, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining 60 gektar maydonida ham gullar bilan bezatilgan kompozitsiyalar bunyod qilindi. Bu yil tumanlarda ham turli tadbir va sayllar o‘tkazilib, turizm bo‘yicha yangi lokatsiyalar tashkil etilmoqda.
Xususan, an’ana tusiga kirgan tadbirlar – Chust tumanida “Osh tanlovi”, Pop tumanida "Lavanda sayli" qatoriga endilikda Mingbuloq tumanida “Patir festivali” ham qo‘shilmoqda. Albatta, bu kabi yo‘nalishlar festival doirasida Namanganga kelgan xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otishi turgan gap.
Viloyat turizm boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, Namanganda start olgan xalqaro birdamlik, do‘stlik ulug‘lanadigan 65-xalqaro gullar festivaliga ellik kun davomida 1 milliondan ziyod xorijiy, 7 millionga yaqin mahalliy sayyohlarning tashrif buyurishi kutilmoqda.
Chinakamiga go‘zallik tarovatini ulashadigan, dillarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydigan, gulchilik an’analari hamda shahar va tumanlarining sayyohlik salohiyatini oshirish, investitsiya jozibadorligini keng targ‘ib etish hamda ichki va tashqi turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadigan 65-xalqaro gullar festivali joriy yilning 12-iyuliga qadar davom etadi. Bayramda faol qatnashadigan gulchilar va tashkilotlar qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, avtomobillar bilan mukofotlanadi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat),O‘zA muxbiri