Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa: Katta Qo‘shtepada yangi qiyofa
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi Katta Qo‘shtepa mahallasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda.
Bugun mahalla ahli mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik sanasini yangi o‘zgarishlar, yaratilgan qulayliklar va ezgu niyatlar bilan qarshi olmoqda.
Katta Qo‘shtepa aholisi 2021-yildan buyon “Tashabbusli byudjet” loyihasida olti marta faol ishtirok etgan. Bu tashabbuslar natijasida qariyb 10 ta ichki yo‘l asfaltlanib, elektr ta’minoti bilan bog‘liq qator muammolar bartaraf etildi.
Mahallada 1 kilometrlik salomatlik va 5 kilometrlik xavfsiz piyodalar yo‘laklari tashkil etildi. Shuningdek, ehtiyojmand 3 ta oila uchun yangi uy-joylar qurib berildi. Mazkur ishlar mahalliy tadbirkorlarning homiylik mablag‘lari hamda mahallaning yer va mol-mulk solig‘idan shakllangan mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
[gallery-30815]
Investitsiya dasturi doirasida ajratilgan 18,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 20-umumta’lim maktabi uchun 600 o‘rinli, 4 qavatli yangi o‘quv binosi barpo etildi. Shu bilan birga, 40 yil avval qurilgan mavjud binolar ham mukammal ta’mirlandi.
— Bugun maktabimizda 1 ming 535 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ular uchun zamonaviy sinf va laboratoriya xonalari, sport zali, stadion, mini-futbol hamda vorkaut maydonlari tashkil etildi. Bino zamonaviy isitish va sovitish tizimlari bilan jihozlandi, hudud obodonlashtirilib, yashil maydonlar va gulzorlar barpo etildi, - deydi maktab direktori Dilmurod Matmusayev.
Mahalladagi 12-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi uchun ham yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan ikki qavatli inshoot 150 nafar bolaga mo‘ljallangan.
Muassasada bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulot xonalari, o‘yin maydonchalari, oshxona, musiqa va sport zallari zamonaviy talablar asosida jihozlangan.
— Biz bunday sharoitlarni yillar davomida orzu qilib kelganmiz. Keyingi yillarda mahallamizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan juda mamnunmiz, - deydi mehnat faxriysi Qo‘chqorali Qo‘shoqboyev.
Bugun Katta Qo‘shtepa mahallasida 1 ming 165 ta oilada qariyb 5 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda. Hududda xizmat ko‘rsatish va chorvachilik asosiy iqtisodiy yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Mahalladagi bunyodkorlik ishlari nafaqat hudud qiyofasini yangilamoqda, balki aholining turmush sharoiti va faolligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda tadbirkorlikni rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish va mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA