O‘zbekiston – Janubiy Koreya: qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar va zamonaviy texnikalar
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda fermerlar uchun zamonaviy agroxizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
KOAMI, Jeonbuk Technopark va TYM kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda chorvachilikni raqamlashtirish va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
2028-2030-yillarda Toshkent viloyatida “Aqlli chorvachilik” markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu markazda sun’iy intellekt asosida monitoring, avtomatik boshqaruv, aniq oziqlantirish va raqamli kuzatuv tizimlari joriy etiladi. Shuningdek, 300 nafar mutaxassisni Janubiy Koreyada o‘qitish va ularning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
TYM kompaniyasi bilan hamkorlikda metanda ishlovchi traktorlarni sinovdan o‘tkazish va ularni agroxizmatlarda qo‘llash bo‘yicha loyiha boshlandi. Dastlab 37 dona traktor “Respublika agroxizmatlar”ga taqdim etilib, ularning samaradorligi ikki yil davomida o‘rganiladi. Sinov natijalariga ko‘ra, ushbu texnikalarni O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarish imkoniyati ham ko‘rib chiqiladi. Mazkur loyihalar qishloq xo‘jaligida raqamli transformatsiyani jadallashtirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA