Jizzax eksportida yangi marralar
Jizzax viloyatida eksport salohiyatini to‘liq ishga solish, tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar ulushini kengaytirish va bu yo‘nalishdagi mavjud muammolarga tizimli yechim topish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohaning bugungi holati hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ibrohim Ergashev boshchiligidagi ishchi guruh ishtirokida o‘tgan muloqotda eksport hajmini ko‘paytirishning amaliy mexanizmlari, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi tashqi bozorlarni egallash imkoniyatlari atroflicha tahlil etildi.
Tahlillar, ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlari eksportida hali ishga solinmagan imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi. Shu bois aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mas’ul rahbarlarning bu boradagi ishlarini jadallashtirish va belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Hududlar kesimida joriy yilning 9 oyi yakuniga qadar belgilangan eksport rejalarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishiga ham alohida urg‘u berildi. Bunda har bir hudud va mas’ul rahbarning vazifaga shaxsiy mas’uliyatini oshirish muhim ekani ta’kidlandi.
Eksport ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pasaygan korxonalar faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganish ham kun tartibidagi muhim masalalardan bo‘ldi. Mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralarni belgilash maqsadida viloyatning “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi mas’ullarga yuklatildi.

Yig‘ilishda sanoat tarmog‘idagi eksport imkoniyatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Eksport salohiyati yuqori bo‘lgan korxonalarni aniqlash, ularni tashqi bozorlarga yo‘naltirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy boshqarmasi hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali 2026-yilda asosiy va takroriy ekin maydonlarida yetishtiriladigan mahsulotlarni tizimli ravishda eksportga yo‘naltirish choralari kelishib olindi.

Eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya sertifikatlarini belgilangan muddatlarda rasmiylashtirishni ta’minlash zarurligi ham alohida qayd etildi. Zero, tashqi bozorga chiqarilayotgan har bir mahsulotning o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida hujjatlashtirilishi eksport jarayonining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
Viloyat eksport tarkibida yetakchi o‘rin tutadigan to‘qimachilik sanoatining imkoniyatlarini kengaytirish esa ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu yo‘nalishda korxonalarning eksport hajmini oshirish bilan bir qatorda, mahsulotlarning tashqi bozorlardagi qamrovini kengaytirish, ya’ni eksport geografiyasini yanada boyitish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida mas’ul rahbarlarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, eksport ko‘rsatkichlarini izchil oshirish hamda ijro intizomini ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalarning mazmuni bir maqsadga Jizzaxning mavjud eksport imkoniyatlarini aniq natijaga aylantirish, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash va viloyat eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri