“Adliya ayoli” tanlovining yakuniy bosqichiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Adliya ayoli” tanlovining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan an’anaviy tanlovda institutning 5 nafar xodimasi ishtirok etib, final bosqichiga yo‘llanma olish uchun o‘zaro bellashdi.

Jumladan, ishtirokchilar «Men haqimda» nominatsiyasida 3 daqiqa ichida shaxsiy hayot, kasbiy yutuqlar, qiziqishlar va kitobxonlik salohiyatini taqdimot orqali yoritishdi.
“Intellektual va huquqiy salohiyat” nominatsiyasi orqali berilgan huquqiy kazuslarga (muammoli vaziyatlarga) to‘g‘ri va tezkor javob topib, qonunchilik bo‘yicha bilimlarni ko‘rsatishdi. Shuningdek, “Qonunchilikka oid dolzarb taklif” nominatsiyasida sohani rivojlantirish yoki muammolarni hal etishga qaratilgan yangi qonunchilik tashabbusi taqdim etildi.

Saralashning birinchi shartida yuqori natijalarni qayd etgan 3 nafar ishtirokchi ikkinchi shartda ham o‘z bilim, salohiyat va iqtidorlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, institut xodimi Sevara Olimboyeva barcha shartlar bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etib, tanlovning mutlaq g‘olibi bo‘ldi va “Adliya ayoli” tanlovining final bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA