Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik qizg‘in
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida 2026/2027 o‘quv yilini munosib kutib olish, ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish borasida tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Yangi o‘quv yili arafasida maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sinf xonalari va fan kabinetlarini jihozlash, kutubxona va sport zallarini tartibga keltirish, hududlarni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, o‘quv xonalarida joriy ta’mirlash ishlari bajarilib, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, maktab hududlarining ozodaligi va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
[gallery-30853]
Viloyatda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda 189 ta umumta’lim maktabida 330 ta inklyuziv sinf faoliyat yuritib, ularda 424 nafar alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchi tahsil olmoqda.
Buxoro shahridagi 23-sonli umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida sinf xonalari va fan kabinetlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Maktab hududi obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirildi.
Ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish hamda o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga zarur sharoitlar hozirlanmoqda.
Viloyatdagi davlat umumta’lim maktablari bilan bir qatorda nodavlat ta’lim muassasalarida ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA