Munira Abdullayeva Polshada sovrindorlar safidan joy oldi
O‘zbekistonlik para-bochcha ustasi Munira Abdullayeva xalqaro maydonda yana bir bor o‘z mahoratini namoyon etdi. Hamyurtimiz Polshada o‘tkazilgan «Poznan 2026 World Boccia Challenger» turnirida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Poznan shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqada 22 mamlakatdan 80 nafarga yaqin para atlet ishtirok etdi.
BC4 klassida bahs olib borgan Munira Abdullayeva uchinchi o‘rin uchun kechgan uchrashuvda Birlashgan Arab Amirliklari vakili Raisa Alfalasini mag‘lub etib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Shu tariqa, musobaqada mazkur yo‘nalish bo‘yicha Kim Juni (Janubiy Koreya) oltin, Penni Frud (Buyuk Britaniya) kumush, Munira Abdullayeva esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA