Kurash bo‘yicha «Bosh prokuror kubogi» g‘oliblari aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Jizzax shahrida kurash bo‘yicha «Bosh prokuror kubogi»ning respublika final bosqichi o‘tkazildi.
«Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkazilgan mazkur musobaqa iqtidorli sportchilarni quyi bo‘g‘indan — mahalladan boshlab aniqlash, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda hududlarda zamonaviy sport maydonchalarini barpo etishga qaratilgan.
Final bosqichida respublikamizning 14 hududidan tashrif buyurgan 126 nafar polvon g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Bellashuvlar ayollar o‘rtasida 4 ta, erkaklar o‘rtasida 5 ta vazn toifasida o‘tkazildi.
[gallery-30797]
Murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, jamoaviy hisobda Jizzax viloyati vakillari birinchi o‘rinni egalladi. Surxondaryo viloyati jamoasi ikkinchi, Samarqand viloyati mahalla yoshlari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
— Bugungi musobaqaga mamlakatimizning eng sara polvonlari yig‘ilgani bois g‘oliblik uchun kurash ancha qiyin kechdi, - deydi 73 kilogramm vazn toifasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Doston Omonov. — Barcha raqiblar kuchli tayyorgarlik bilan kelgani sezilib turdi. Bunday musobaqalarning hududlarda o‘tkazilishi biz, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, musobaqada o‘z vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 36 nafar yoshning mahallasida universal, stritbol va vorkaut maydonchalari qurib beriladi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA