Maktabda jadidlar muzeyi tashkil etildi
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 9-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida jadidlar muzeyi tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, jadidlar xalqimizni ilm-ma’rifatga da’vat etgan, millat ravnaqi, ozodligi va kelajagi yo‘lida fidokorona kurashgan buyuk ma’rifatparvar ajdodlarimiz. Ular o‘z davrida ta’limni yangilash, yosh avlodni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish va aholining ma’naviy yuksalishi uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.

Muzeyning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar jadid bobolarimizning xalqni ilm-ma’rifatga da’vat etish, ta’limni rivojlantirish, milliy o‘zlikni anglash va yosh avlodni tarbiyalash yo‘lidagi xizmatlari beqiyos ekanini ta’kidlashdi. Ularning ezgu g‘oyalari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidlab, yoshlarni jadidlar merosidan ibrat olishga, bilimli, ma’rifatli va Vatan taraqqiyoti uchun mas’ul insonlar bo‘lib kamol topishga undash muhimligini bildirishdi.

Muzeyda 500 dan ortiq eksponat o‘rin olgan. Ular orqali o‘quvchilar jadidlarning hayoti, faoliyati, ma’rifatparvarlik g‘oyalari va millat ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri