Ish o‘rinlari saqlab qolindi
Har kuni ishga otlanadigan inson uchun korxona eshigining ochiqligi shunchaki ish kuni boshlanganini anglatmaydi. Bu — oilasiga rizq olib borish, farzandlari ehtiyojini qondirish va kelajakka ishonch bilan qarash imkoniyatidir. Biroq korxona moliyaviy qiyinchilikka duch kelib, ishlab chiqarish to‘xtab qolish xavfi tug‘ilsa, bu tashvish nafaqat rahbariyat va xodimlarga, balki ularning oilalariga ham ta’sir qiladi. Bunday vaziyatda korxonani qayta oyoqqa turg‘izish — nafaqat iqtisodiy muammoni hal etish, balki insonlarning mehnat qilish imkoniyati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini saqlab qolish hamdir.
Sirdaryo viloyatida sud tomonidan bankrot deb topilgan va tugatish tartib-taomilida bo‘lgan ikkita korxona — «Guliston Sayqal textil» MCHJ va «White-Gold klaster» MCHJ faoliyati saqlab qolindi. Kreditorlar bilan tuzilgan kelishuv bitimlari 2026-yil 7-oktabrda sud tomonidan tasdiqlanib, korxonalarga nisbatan tugatish tartib-taomili tugatildi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi ishchi guruhining viloyatda olib borgan o‘rganishlari davomida ma’lum bo‘ldi.

Ishchi guruh a’zolari viloyatda to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qo‘llanilgan va mol-mulki mavjud 12 ta korxona faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Jumladan, ularning moliyaviy-iqtisodiy ahvoli, ishlab chiqarish quvvatlari, mavjud resurslari va faoliyatini qayta tiklash imkoniyatlari tahlil qilindi. Shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklarning kelib chiqish sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish, ishlab chiqarish jarayonlarini tiklash va korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, Guliston tumanidagi «Guliston Sayqal textil» MCHJda tugatish tartib-taomili korxona faoliyatini to‘xtatmasdan olib borildi. Natijada 32 nafar doimiy va 300 nafar mavsumiy ish o‘rni saqlab qolindi. Kelishuv bitimiga ko‘ra «Agrobank» ATB oldidagi qarz 24 oy davomida har oyda 3,2 mlrd so‘mdan to‘lanadi. Sirdaryo tumanidagi «White-Gold klaster» MCHJning ishlab chiqarish majmuasi esa savdoga chiqarilmasdan korxonada qoldi. Agentlik har ikkala bitim ijrosini har chorakda nazorat qilib boradi.

— To‘lovga qobiliyatsiz korxonalar bilan bog‘liq muammolar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Chunki buning ortida ishchi-xizmatchilarning daromadi, oilalar farovonligi va aholi bandligi kabi muhim masalalar turibdi. Shu bois korxonalarni sog‘lomlashtirish, ular faoliyatini tiklash, xodimlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatilib, huquqiy maslahatlar berilmoqda, — dedi Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i Akbar Axrorov.

Ayni paytda faoliyatini qayta tiklash imkoniyati mavjud bo‘lgan boshqa korxonalarda ham muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash hamda korxonalar faoliyatining uzluksizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Zero, korxona faoliyatining tiklanishi — ishlab chiqarishning qayta jonlanishi, ish o‘rinlarining saqlanishi esa insonlar hayotida barqarorlik va ishonchning davom etishidir. Har bir saqlab qolingan ish o‘rni ortida oilasini ta’minlayotgan inson, uning yaqinlari va ertangi kunga bo‘lgan umidi bor. Shu bois to‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni sog‘lomlashtirish nafaqat iqtisodiy muammolarni bartaraf etish, balki inson qadrini ulug‘lash, aholi bandligini ta’minlash va viloyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish demakdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri