Xodim ish beruvchidan mehnat shartlarini o‘zgartirishni talab qila oladimi?
Huquqiy munosabat
Mehnat munosabatlari barqarorligi va samaradorligini ta’minlashda xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi muvozanat muhim ahamiyatga ega. Ko‘pincha, mehnat shartlarini o‘zgartirish tashabbusi faqat ish beruvchi tomonidan chiqishi mumkin degan yanglish tasavvur mavjud. Vaholanki, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi xodimlarga ham o‘z qonuniy huquq va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mehnat shartlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqini kafolatlaydi.
Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva quyidagicha tushuncha berdi:
– Mehnat qonunchiligi, boshqa huquqiy hujjatlar yoki mehnat shartnomasida belgilangan hollarda xodim ishni davom ettirayotgan bo‘lsa, ish beruvchidan mehnat shartlarini o‘zgartirishni talab qilishga haqli. Bu xodimning yozma arizasi berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.
Agar talab rad etilsa, ish beruvchi bu qarorni yozma ravishda asoslab berishi lozim. Rad etish sabablari yozma tarzda bildirilmasa ham, bu holat xodimning shikoyat qilish huquqini cheklamaydi.
Xususan,xodim ish vaqti yoki ish tartibini o‘zgartirishni, boshqa ish joyiga o‘tkazishni so‘rashi, maosh miqdoriga oid shartlarni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘rashi mumkin.
Ish beruvchi xodimni sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ishga qabul qilmasligi yoki bunday ishga o‘tkazmasligi shart.
Agar ish xavfli bo‘lsa, xodim bu haqda oldindan ogohlantiriladi. Ish jarayonida xodimning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilsa, u ushbu ishni bajarishdan bosh tortishga haqli. Xavf bartaraf etilguniga qadar xodim ishni bajarmasa ham o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka binoan, ayrim toifadagi xodimlar uchun ish beruvchi mehnat shartlarini o‘zgartirishga, jumladan, to‘liqsiz ish vaqti belgilash yoki sog‘lig‘iga mos yengilroq ishga o‘tkazishga majburdir.
Agar xodim sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazilishga muhtoj bo‘lsa, bunda shifokor ma’lumotnomasi asos bo‘ladi.
Shuningdek, homilador ayollar, 14 yoshga to‘lmagan bolasi yoki 18 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollar, oilaning betob a’zosini parvarish qilayotgan shaxslar ariza berganda ularga to‘liqsiz ish vaqti belgilanishi shart. Agar ish beruvchi xodimning talabini rad etsa, buning sababini albatta yozma shaklda ma’lum qilishi lozim.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA