Muammolarga joyida yechim izlandi
Aholi muammolarini joyida o‘rganish, fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish va ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish — davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri. Xovos tumanidagi Bo‘ston mahallasida tashkil etilgan ommaviy sayyor qabul ham ana shu maqsadga qaratildi.
Unda tuman hokimi Qomus Yo‘ldoshev, tuman prokurori Faxriddin Rahimov, tuman IIB boshlig‘i Avazbek To‘raqulov hamda tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari Sherzod Umurov ishtirok etishib, fuqarolarning murojaat va takliflarini tinglashdi.

Ochiq muloqot davomida mahalla aholisiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar sifati, ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi, bandlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator masalalarni ko‘tardi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilib, muammolarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Sayyor qabulda fuqarolarni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish, ularning yechimini asossiz kechiktirmaslik va murojaatlar ijrosini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim masalalar bo‘yicha amaliy choralar belgilab olingan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar mas’ullarga yo‘naltirildi.


Qabul davomida fuqarolarning mehnat faoliyati va kundalik turmush sharoitlariga doir masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, mahalla aholisidan Marg‘uba Abdullayevaning go‘zallik salonidagi sharoitlarni yaxshilash maqsadida unga isitish jihozlari olib berish belgilandi. Shuningdek, mahalladagi 24 ta xonadonni o‘z ichiga olgan ikkita ko‘p qavatli uy hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga kelishildi.


Uchrashuvda mahallani obodonlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan taklif va tashabbuslar ham muhokama qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri