O‘zbekistonda rasmiy hujjatlar qabuli raqamlashtirildi: qaysi holatlarda?
O‘zbekistonda hujjat almashish jarayoni soddalashmoqda. Adliya vazirligi qog‘oz hujjatlar o‘rniga elektron shaklini taqdim etishga oid idoraviy hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu qaror fuqarolarga katta qulaylik yaratadi.
Adliya vazirligi hujjatlarning qog‘oz shakli o‘rniga elektron shaklini taqdim etishga oid idoraviy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
2026-yil 20-oktabrda qabul qilingan qonun bilan 33 ta idoraviy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu hujjatlar fuqarolar hujjatlarning elektron shaklini taqdim etishi va tegishli tashkilotlar ularni qabul qilishi imkoniyatini yaratadi.
Unga ko‘ra, biometrik pasport, ID-karta, tug‘ilganlik va nikoh guvohnomalari, pensiya guvohnomasi, nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, urush qatnashchisi guvohnomasi yoki talabalik guvohnomasi kabi hujjatlarning qog‘oz shakli o‘rniga my.gov.uz va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi elektron shaklidan foydalanish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, raqamli hujjatlar quyidagi holatlarda qabul qilinadi:
Banklarda – bank xizmatlaridan foydalanishda va ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda shaxsni tasdiqlashda;
Notarial idoralarda – tegishli notarial harakatlarni amalga oshirishda;
Aeroportlarda – O‘zbekiston ichidagi aviareyslarga ro‘yxatdan o‘tishda;
Urush qatnashchilariga kompensatsiya berishda;
Telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatishda – abonent bilan xizmat shartnomasini tuzishda;
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishda – donorning shaxsini tasdiqlashda;
Lombardlar bilan shartnoma tuzishda;
Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda pullik xizmatlar ko‘rsatishda;
Fuqarolarni harbiy ro‘yxatga olishda va boshqa bir qator xizmatlarni ko‘rsatishda.
Ma’lumot uchun, Hukumatning 2024-yil 27-dekabrdagi 897 son qaroriga muvofiq shaxsni tasdiqlovchi va boshqa bir qator hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etilgan.
Sherbek Islomov, O‘zA