Kuz-qish mavsumida ta’minot bardavom bo‘ladimi?
Yaqinlashib kelayotgan isitish mavsumida ta’minot barqarorligini ta’minlash maqsadida kuz-qish mavsumida Namangan viloyatining 68 ta mahallasidagi 46 ming 574 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Mamlakatimizda, xususan Namangan viloyatida ham kuz-qish isitish mavsumiga tayyorgalik ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda. Yaqinlashib kelayotgan joriy mavsumda aholiga ko‘rsatiladigan bir qator kommunal xizmatlar qatorida iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gazni barqaror yetkazib berish masalasi aytish mumkinki, muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada olib borilayotgan ishlar haqida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamadjonov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Aslida kuz-qish isitish mavsumiga katta ko‘lamdagi tayyorgarlikni bahordan boshlaganmiz, – deydi Ibrohimjon Mamajonov. – Bugungi kunda viloyat bo‘ylab jami 238 976 ta tabiiy gaz iste’molchisi mavjud. Aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, mavjud tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash va 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumi davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida balansdagi foydalanishda bo‘lgan jami 5207,5 kilometr gaz tarmog‘ining 199,2 kilometri yuqori va 4456,6 kilometri o‘rta hamda 551,7 kilometri esa past bosimlidir. Shundan 798,6 kilometr qismi yer ostida va 4408,9 kilometri yer ustida joylashgan. Bularga tutash jami 584 ta, shundan 239 ta yuqori va 345 ta o‘rta bosimli gaz tartiblash punkti qatorida quduqlar 250 ta, yer usti gaz tambalagichlar 5 ming 690 tani tashkil qiladi.

Aynan kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash maqsadida 27,8 kilometr gaz tarmog‘ini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, amalda reja 23,2 kilometr, ya’ni 83,5 foizga bajarildi. Mavjud gaz tartiblash punktlari texnik taftishdan o‘tkazilib, 54 ta yangi, zamonaviy GTP o‘rnatildi. 267,5 kilometr gaz tarmog‘i bosim ostida zichlikka sinaldi. 962,8 kilometri “Mobil laboratoriya” usulida tekshirildi. Iste’molchilarga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarini toza va sifatli tabiiy gaz bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyatda 434 ta gaz filtri o‘rnatildi.
O‘tgan yillar isitish davri tajribasidan kelib chiqib, aytish joizki, yuzaga kelishi ehtimoli bor barcha kamchiliklarni tezkor bartaraf etish uchun bilim va malakali mutaxassislardan tarkib topgan brigadalar shakllantirilib, to‘la shay holatga keltirildi. Buning uchun barcha zarur texnikalar, kerakli jihozlar zaxirasi yetarli darajaga keltirildi.

Darvoqe, filialimiz iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish borasida O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladi. Bu esa aholining murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish va ularning yechimini ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, memorandumda sohani raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, gazdan xavfsiz foydalanish qoidalarini keng targ‘ib qilish hamda aholiga sohadagi yangiliklar haqida muntazam axborot berib borish vazifalari ham belgilandi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hamkorlik aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Aholi murojaatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va hal qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Iste’molchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlashda filialning “104” raqamli dispetcherlik va 1104 – “Call”-markazi ham muhim o‘rin tutadi.

Hal bo‘layotgan va hal bo‘lishi kutilayotgan muammolar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratish maqsadida Yangiqo‘rg‘on, Chortoq, Kosonsoy, Mingbuloq, Uchqo‘rg‘on, Uychi, Davlatobod, Chust va To‘raqorg‘on tumanlarida o‘rganishlar o‘tkazilib, Yangi Namangan tumanida seminar tashkil etildi. Rahbar va o‘rinbosarlar tomonidan joylarda 17 bor sayyor qabul uyushtirildi.
Tahlillarga ko‘ra, yil boshidan buyon jami kelib tushgan 1960 ta murojaatning 1895 tasi ijobiy hal etildi. 27 tasiga huquqiy maslahat berildi va 38 tasining ijrosi mas’ul xodimlar tomonidan nazoratga olib, tezkor hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Tabiiy gaz yetib bormagan hududlarga aholiga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berish barqarorligini ta’minlash doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Joriy yilning sentabr oyi holatiga 476 ming 988 xonadon va 337 ijtimoiy soha ob’ektiga bir me’yorda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
Shu yil yanvar-avgust oylarida viloyat aholisi 55726,4 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Yetkazib berish samaradorligini oshirish maqsadida “Face ID” raqamlashtirish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Elektron onlayn nazorat o‘rnatilishgi natijasida inson omili, ya’ni ehtimoliy korrupsion holatlarga barham berildi. Qolaversa, mahsulot yetkazib berish davriyligi 40-45 kunga to‘g‘ri kelishiga erishildi. 89 avtotransport vositasiga maxsus ovozli videokuzatuv kamerasi o‘rnatilib, tegishli bo‘limlarga integratsiya qilindi.

Suyultirilgan gaz ta’minotida xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ishtirokini kengaytirish va xizmatlar samaradorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda viloyatda «Muborak Gaz Invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati, «Afsona Energi» xususiy korxonasi va «Yangi Asr» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, har bir iste’molchi tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda belgilangan texnik talab va shartlarga hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishi lozim. Albatta, bu ne’matlardan oqilona, tejab-tergab foydalanish har bir fuqaroning vijdon amri va sadoqatli burchiga aylanishi kerak.
O‘zA muxbiri Oqilxon Dadaboyev suhbatlashdi