Suv xo‘jaligi ob’ektlari yangi mavsumga tayyormi?
2027-yilgi sug‘orish mavsumiga tayyorgarlik doirasida suv xo‘jaligi infratuzilmasini ta’mirlash, kanallarni tozalash va suv yetkazib berish tarmoqlarini yaxshilash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i Shuhrat Suyunov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, kuzgi-qishki mavsumda 5 ming kilometr magistral va xo‘jaliklararo kanalni tozalash, 5 ming 300 ta gidrotexnik inshoot hamda 5 ming 720 ta gidropostni ta’mirlash belgilangan. Hozirga qadar qariyb 2 ming kilometr kanal tozalanib, 2 ming 530 ta gidrotexnik inshoot va 2 ming 650 ta gidropostda ta’mirlash ishlari bajarildi.
Ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda. “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tasarrufidagi 3 ming 900 kilometr tarmoqni betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, mavsum boshidan buyon 1 ming 450 kilometrda ishlar amalga oshirildi.
Nasos stansiyalari va sug‘orish quduqlarini mavsumga tayyorlash maqsadida vazirlik tasarrufidagi 1 ming 715 ta nasos agregati, 886 ta sug‘orish qudug‘i va 900 ta ichki xo‘jalik nasos agregatini ta’mirlash hamda tiklash ko‘zda tutilgan. Ayni paytga qadar 200 ta nasos agregati, 110 ta sug‘orish qudug‘i va 140 ta ichki xo‘jalik nasos agregatida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.
Shuhrat Suyunovning so‘zlariga ko‘ra, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 7 ming 485 kilometr kollektor tarmog‘ini tozalash rejalashtirilgan. Hozirgacha 4 ming 600 kilometrdagi ishlar yakunlangan.
–Vazirlikning ishchi guruhlari hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirlarning sifati, belgilangan muddatlarga rioya qilinishi va ajratilgan resurslardan samarali foydalanilishini nazorat qilyapti.
Suv ta’minoti samaradorligi ichki sug‘orish ariqlarining holatiga ham bog‘liq. Ariqlarni loyqa va chiqindilardan tozalash, zarur joylarini ta’mirlash va imkoniyatdan kelib chiqib, mutaxassislar tavsiyasi asosida betonlashtirish suv yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradi. Shu munosabat bilan fermer va dehqon xo‘jaliklari, mahalla faollari hamda aholi vakillari mavsumiy tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirildi. Mahallalarda hasharlar tashkil etish ham ushbu ishlarni samarali amalga oshirish imkonini beradi, – dedi u.
Brifing yakunida kuzgi-qishki tadbirlarning belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilishi 2027-yilgi vegetatsiya mavsumida suvni iste’molchilarga barqaror yetkazib berish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA