Ta’limda yangi diagnostika tizimi sinovdan o‘tkazildi
Bola qaysi sohada kuchli? Uning fikrlash qobiliyatini, ijodkorligini, qiziqishlarini qanday aniqlash mumkin?
Aslida har bir bola alohida qobiliyatga ega. Ammo uning nimalarga qodirligi o‘z vaqtida aniqlanmasa, qancha yashirin iqtidor kashf etilmay qolib ketishi mumkin. Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan aynan shu maqsadga qaratilgan yangi diagnostika tizimi ishlab chiqildi.
OAV uchun kontent tayyorlash markazida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi Axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Yangi diagnostika tizimi bolalarning fikrlash, ijodkorlik, til o‘rganish va muloqot qilish qobiliyatlarini erta aniqlashga mo‘ljallangan. Sentyabr oyida Toshkent shahridagi uchta maktab va uchta bog‘chada sinovdan o‘tkazilgan tizim natijalarini tahlil qilish hamda kuzatib borish uchun elektron platforma ham ishga tushirildi. Bunday yondashuvning ahamiyati shundaki, bolaning qobiliyatini erta payqash uning ta’lim olish jarayonini individual ehtiyojlariga moslashtirishga yordam berishi mumkin. Biroq, buning uchun diagnostika natijalari shunchaki ko‘rsatkich sifatida qolib ketmasdan, o‘qituvchi va ota-onalar uchun amaliy tavsiyalarga aylanishi muhim.
Markaz tomonidan PIRLS–2026 xalqaro tadqiqotining asosiy sinov bosqichi ham tashkil etildi. U respublikaning 14 ta hududidagi 164 ta maktabda o‘tkazildi. Ta’lim mazmunini takomillashtirish doirasida matematika, tabiiy fanlar, kimyo, informatika va musiqa fanlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlandi. Shuningdek, 110 ta darslik va 18 ta o‘quv-metodik majmua ekspertizadan o‘tkazildi. Bu ishlar ta’lim mazmunini yangilashga qaratilgan. Endilikda muhim jihat — yangi standartlar va darsliklar o‘quvchilarning bilim olishi, mustaqil fikrlashi hamda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatida qanday natija berishidir.

Qayd etilishicha, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida o‘tkazilgan “Metodik marafon” tadbirlariga 343 ming nafardan ortiq pedagog jalb etildi. Ular uchun 4 ming 600 dan ortiq mahorat darslari tashkil qilindi.
Ta’limni raqamlashtirish yo‘nalishida esa 25 ta quyi platformani qamrab olgan 10 mingdan ortiq ta’lim resursi va multimedia vositalaridan iborat kontent yaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA