Yangi O‘zbekiston tibbiyoti: insultni davolash bo‘yicha raqamli reabilitatsiya modelini yaratgan yosh shifokor
Bugun – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni
Hayot va o‘lim orasidagi chegara juda yaqin, bir nafas olgulikcha ham emas. Ba’zida bir soniyalik kechikish inson umriga nuqta qo‘yishi mumkin. Shunday kasb egalari borki, ular go‘yo o‘lim qarshisida qalqon bo‘lib turadi, inson umrini qaytadan boshlashga yordam beradi.
Insult – kutilmaganda ro‘y beradigan og‘ir xastalik. Koma holatidagi insonlarning hayotga qaytishi – chinakam mo‘’jiza. Bu mo‘’jizalarning ortida shifokorlarning kechayu kunduz tinim bilmas mehnati, bilim va matonati yotadi.
Milliy tibbiyot markazining tajribali nevrologi Nozimjon Murtazayev, endovaskulyar jarroh Damir Abbasov hamda reanimatologlar jamoasi tomonidan ko‘rsatilayotgan yuqori malakali tibbiy yordam ana shunday mo‘’jizalarga sabab bo‘lmoqda, qanchadan-qancha oilalarning quvonchini qaytarib bermoqda.
Yaqinda 1980-yilda tug‘ilgan Bavur Davlyatovning og‘ir gemorragik insult tufayli hushsiz, koma holatida Markazga olib kelinganini so‘z bilan ifodalash qiyin – yaqinlarining umidi deyarli so‘ngan edi. Biroq, shifokorlarning fidokorona sa’y-harakatlari tufayli Bavur Davlyatov o‘z oyog‘i bilan yurib, oilasi bag‘riga, hayotga qaytdi. Uning ko‘zlaridagi minnatdorlik yoshlari tibbiyot xodimlarining yuksak insoniyligi va kasbiy mahoratiga berilgan eng oliy bahodir.
1994-yilning 11-yanvarida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan Nozimjon Murtazayevning hayot yo‘li ko‘plab yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Otasi – umrini shifokorlikka baxshida etgan tajribali nevrolog bo‘lsa, onasi – yosh avlodga ta’lim-tarbiya beruvchi fidoyi o‘qituvchi. Oilaviy muhit - ilmga chanqoqlik, ziyolilarga nisabatan hurmat, mehr va mas’uliyat Nozimjonning ham kelajak kasbini tanlashida hal qiluvchi rol o‘ynadi.
2013-2019-yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olib, shifokorlikning mashaqqatli ilmini egallagan qahramonimiz o‘z bilimlarini yanada boyitish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi I.I.Mechnikov nomidagi Shimoli-G‘arbiy davlat tibbiyot uниверситетиda nevrologiya mutaxassisligi bo‘yicha ordinaturani muvaffaqiyatli tamomladi. Peterburgdagi 26-shahar klinik shifoxonalarining qon-tomir markazlarida o‘tkazilgan har bir kun unga olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash imkonini, og‘ir holatdagi bemorlar bilan ishlash ko‘nikmasini berdi va katta tajriba maktabini o‘tadi.
– Davlatimiz rahbarining 2026-yil 20-yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori sohada tub burilish yasadi, – deydi Milliy tibbiyot markazi matbuot xizmati rahbari Zulayho Musurmonova. – Mana shu muhim hujjat asosida Markazimizda zamonaviy neyroreanimatsiya bo‘limi tashkil etildi. Quvonarlisi, ayni paytda shu bo‘limga yosh, shijoatli shifokor Nozimjon Murtazayev rahbarlik qilmoqda. U boshchiligidagi jamoa qisqa fursatda o‘tkir insult bilan og‘ir ahvolda kelgan bemorlarni oyoqqa turg‘azishda katta natijalarga erishdi. Xususan, «oltin olti soat» deb ataladigan eng muhim vaqt ichida endovaskulyar va neyroxirurglar bilan hamkorlikda bemorlarga yuqori texnologik yordam ko‘rsatilmoqda. Telemeditsina orqali masofadan turib ham o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘yilib, bugungi kunga qadar ellikdan ortiq og‘ir bemorning hayoti saqlab qolindi va ular sog‘lom hayotga qaytarildi.
Darhaqiqat, Nozimjon Murtazayevning xizmatlari Yangi O‘zbekiston tibbiyotida yangi sahifani ochdi. U insultni davolash bo‘yicha raqamli reabilitatsiya modelini yaratdi. Rossiyalik va turkiyalik yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlikda Markazda bosh miyada o‘tkir qon aylanishi buzilishi bo‘lgan bemorlarga multidissiplinar yondashuvda erta diagnostika qilish, trombolizis va tromboekstraksiya kabi yuqori texnologik amaliyotlarni O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib joriy etdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, faoliyati davomida Nozimjon Murtazayev bosh miyada o‘tkir qon aylanishi buzilishi bilan bog‘liq 500 dan ortiq murakkab va kam invaziv yuqori texnologik amaliyotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Jumladan, Markaz bazasida qariyb 400 nafar bemorga yuqori texnologik yordam ko‘rsatilib, ulardan 45 tasiga trombolizis va 20 ta holatda tromboekstraksiya kabi o‘ta nozik jarrohlik muolajalari bajarildi. Bu, minglab insonlarni nogironlikdan saqlab qolish, jamiyatga sog‘lom qaytarish demakdir. Faqat amaliyot bilan chegaralanib qolmasdan, ilmiy izlanishlarini ham izchil davom ettirgan shifokor «Raqamli iqtisodiyot sharoitida tibbiyot muassasalari moliyalashtirish tizimini tashkiliy-uslubiy jihatdan takomillashtirish» mavzusida iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, sohaga ilmiy yondashuvni ham olib kirdi.
Uning tashabbusi bilan yosh nevrologlar uchun tashkil etilgan amaliy mahorat darslari, xalqaro anjumanlardagi ma’ruzalari va tibbiyotni raqamlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari keng jamoatchilik tomonidan munosib baholandi. Mehnat staji bor-yo‘g‘i 7 yil bo‘lishiga qaramay, ilmi, o‘z kasbiga bo‘lgan cheksiz sadoqati, tirishqoqligi, kechayu kunduz bemorlar hayotini saqlab qolish uchun qilayotgan sa’y-harakatlari sababli u davlatimiz e’tiboriga tushdi.
Prezidentimizning joriy yil 20-oktabrdagi “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, tibbiyot sohasidagi fidokorona mehnatlari, yuqori professionalizmi va xalqimiz salomatligini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi va ushbu mukofotni bevosita davlat rahbarining qo‘lidan qabul qilib oldi.
– Ushbu e’tirof nafaqat mening, balki jamoamizning fidokorona mehnatiga berilgan yuksak bahodir, – deydi Milliy tibbiyot markazining neyroreanimatsiya bo‘limi shifokor-nevrologi Nozimjon Murtazayev. – Bunday sharafli va mas’uliyatli vazifada ishlash – biz uchun ham faxr, ham cheksiz mas’uliyat. Davlatimiz rahbarining biz yoshlarga va tibbiyot sohasiga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligi yanada ko‘proq izlanishga, xalqimiz salomatligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga undaydi.
Qahramonimiz bilan suhbatimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Aytishni va eshitishni istagan gaplarimiz bisyor bo‘lsada, Nozimjonni ko‘pam savolga tutmadim. Uning yo‘liga ko‘z tikkan bemorlar, najot ilinjida kutayotgan dardmandlar uchun vaqtini ayadim. Axir yuqorida aytib o‘tilganidek, Bavur Davlyatovning hayoti ham o‘z vaqtida va tezkor ko‘rsatilgan kerakli tibbiy yordam tufayli saqlab qolinmaganmidi!?
Ushbu qisqagina suhbatdan anglaganlarim shu qadar ko‘p ediki, zamonamiz qahramonlari, Alpomishlari mana shu er yigitlar bo‘lsa kerak, aslida.
Mohigul Qosimova,
O‘zA