Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi
Mamlakatimizda Turkiyaga safar qilish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. “Uzbekistan Airports” va Turkiyaning “Pegasus Airlines” aviakompaniyasi o‘rtasida Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qarshi va Nukus yo‘nalishlarini ochish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Xususan, Andijondan Istanbulga ilk bor muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Kelishuvlar amalga oshsa, Qarshi va Nukus ham Istanbul bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovga ega bo‘lishi mumkin.
“Pegasus Airlines” aviakompaniyasi Istanbulning Sabixa Go‘kchen xalqaro aeroportidan parvozlarni amalga oshiradi. Kelishilgan uchta yo‘nalish bo‘yicha qatnovlarni 2026-yil dekabridan boshlab bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buxoroga ilk reys joriy yil 14-dekabrga belgilangan. Parvozlar haftasiga uch marta — Istanbuldan dushanba, chorshanba va shanba kunlari, Buxorodan esa seshanba, payshanba va yakshanba kunlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Andijonga qatnovlar 18-dekabrdan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda haftasiga ikki marta parvoz qilish belgilangan: Istanbuldan dushanba va juma kunlari, Andijondan esa seshanba va shanba kunlari.
Termizga muntazam reyslar esa 2027-yil 1-martdan boshlab haftasiga uch marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Istanbuldan parvozlar dushanba, payshanba va shanba kunlariga, qaytish reyslari esa seshanba, juma va yakshanba kunlariga belgilangan. Barcha yo‘nalishlarda Airbus A320 va A321 oilasiga mansub samolyotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, faqat Istanbulga emas, boshqa davlatlarga ham yo‘l ochiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA